Oʻzbekiston Respublikasi hududlarining investitsion jozibadorligiga taʼsir etuvchi omillar tahlili iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilma koʻrsatkichlarini oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Asosiy omillar qatoriga rivojlangan infratuzilma mavjudligi, resurslarga kirish, davlat ko‘magi va urbanizatsiya darajasi kiradi. Erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) rivoji va biznes iqlimini yaxshilash ham hududlarning investorlar uchun jozibadorligini oshirishda muhim rol oʻynaydi. Tadqiqot hududlarning kuchli va zaif tomonlarini aniqlashga yordam beradi, bu esa investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo‘yicha samarali strategiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Maqolada tо‘qimachilik korxonalari ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etishda sifatli mahsulot ishlab chiqarish hamda moliyaviy iqtisodiy kо‘rsatkichlar holatini tahlil qilishga e’tibor qaratilgan.
Ushbu maqola Oʻzbekiston tijorat banklarining ustav kapitalidan foydalanish samaradorligini baholash uchun asosiy koʻrsatkich boʻlgan kapital rentabelligi (ROE) koʻrsatkichini tahlil qilishga qaratilgan. 1999-2023 yillar oraligʻida mamlakatda faoliyat yuritgan tijorat banklari toʻrt guruhga ajratilgan holda mulkchilik shakli boʻyicha ROE oʻrtasidagi farqlar oʻrganildi. Tahlil natijalariga koʻra, davlat bilvosita egalik qiluvchi banklar eng yuqori oʻrtacha ROEga ega boʻlgan boʻlsa, davlat bevosita egalik qiluvchi banklar eng past darajadagi kapital rentabelligini namoyon etdi. Xususiy banklar yuqori darajada tebranuvchanlikka ega boʻlib, bu ularning faoliyatida ortiqcha xavf mavjudligini koʻrsatadi. Xorijiy banklarning kapitaldan foydalanish samaradorligi esa barqaror boʻlib, ular tahlil davrining soʻnggi yillarida ijobiy oʻsishni namoyish etdi. Ushbu tadqiqot tijorat banklarining samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda foydali boʻlishi mumkin.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etish zarurati, mavjud huquqiy asoslar va institutsional muhit keng qamrovda o‘rganiladi. Islom moliyasi shariat talablariga asoslangan holda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni ko‘zda tutadi va aynan shu xususiyati uni ribo, maysir va g‘arar kabi taqiqlangan elementlardan holi qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bu yo‘nalish yangi bo‘lishiga qaramay, aholining diniy e’tiqodiga mos, adolatli va barqaror moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari, sukuk, mudoraba, mushoraka kabi moliyaviy vositalarning mohiyati va ularni yuritishda zarur bo‘lgan huquqiy mexanizmlar tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud qonunchilikda kuzatilayotgan bo‘shliqlar, regulyator organlar faoliyatining yetarli darajada shakllanmaganligi va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos keluvchi institutlar modeli muhokama qilinadi. Natijada, mamlakatda islom moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha konseptual takliflar ilgari suriladi.
Мақола Ўзбекистондаги акциядорлик жамиятларида мулкий капитал рентабеллиги (ROE) ни белгилайдиган омилларни DuPont моделидан фойдаланган ҳолда таҳлил қилиб, компаниянинг молиявий муваффақиятига даромаддорлик, самарадорлик ва қарз юкининг таъсирини ўрганади. Панель маълумотлари бўйича 25 та номолиявий компаниянинг 10 йиллик (2014–2023 йиллар) собит ва тасодифий эффектлар моделлари қўлланилди. DuPont модели тахминларига мос ҳолда, даромаддорлик ва самарадорлик мулкий капитал рентабеллигига муҳим ижобий таъсир кўрсатган, бироқ қарз юки салбий таъсирга эга бўлган. Ортиқча эффектли модель (лаг эффекти) натижаларига кўра эса, уччала омил ҳам мулкий капитал рентабеллигига аҳамиятли ижобий таъсир кўрсатган. Ўзбекистондаги номолиявий компанияларни таҳлил қилувчи илк мақолалардан бири сифатида, ушбу тадқиқот компания самарадорлигига таъсир қилувчи омиллар ҳақида тадқиқотчилар ва менежерлар учун фойдали маълумотлар тақдим этади.
Maqolada aksionerlik jamiyatlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda pul oqimlarini samarali boshqarishning ahamiyati yoritilgan. Bugungi iqtisodiy sharoitda, ayniqsa ishlab chiqarish hajmi yirik bo‘lgan korxonalar uchun sof foyda bilan bir qatorda real naqd pul oqimlarini to‘g‘ri tashkil etish moliyaviy xavfsizlikning asosiy omillaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Tadqiqotda pul oqimi ko‘rsatkichlarining dinamikasi, ularning qarzdorlik darajasi, rentabellik va to‘lovga qobiliyatlilik bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqilgan. Jumladan, sof pul oqimi samaradorligi, rentabelligi va to‘lovga layoqatlilik koeffitsiyentlari orqali aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy holatini real baholash imkoniyatlari ochib berilgan. Maqola natijalari asosida xulosa va takliflar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular aksiyadorlik jamiyatlari uchun moliyaviy boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Mazkur maqolada korxonalarda moliyaviy rejalashtirish samaradorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda xorijiy tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. Rivojlangan mamlakatlarda moliyaviy rejalashtirish, avvalo, bozor mexanizmlari, raqamli texnologiyalar va moliyaviy nazorat tizimlari bilan uyg‘unlashgan holda amalga oshiriladi. Moliyaviy resurslarni samarali taqsimlash va optimallashtirish, byudjetlashtirish va prognozlashning avtomatlashtirilgan modellaridan foydalanish, risklarni boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga rioya qilish, korporativ boshqaruv prinsiplari asosida moliyaviy shaffoflik va mas’uliyatni ta’minlash juda muhim. Shu bilan birga, xorijiy korxonalar tajribasida innovatsion moliyalashtirish manbalaridan – venchur kapitali, obligatsiyalar, lizing va kraudfandingdan keng foydalanish kuzatiladi. Mazkur tajribalarni tahlil qilish O‘zbekiston korxonalari uchun moliyaviy rejalashtirishning samaradorligini oshirish, raqobatbardoshlikni kuchaytirish va jahon bozorlariga integratsiya jarayonlarini tezlashtirishda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi
Mazkur maqolada joriy majburiyatlarning tasnifi va ularni hisobga olish prinsiplariga qaratilgan boʻlib, majburiyatlarni aniq va toʻgʻri hisoblash, ularning moliyaviy hisobotlarda aks ettirilishini taʼminlash orqali moliyaviy axborotning ishonchliligini oshirish zarurligi taʼkidlangan. Joriy majburiyatlar hisobida qoʻllaniladigan zamonaviy usullar va ularning ahamiyati tahlil qilinib, bu jarayonlarni soddalashtirish va natijada moliyaviy tahlilni takomillashtirish yoʻllari koʻrib chiqilgan.
Hozirda jahon miqiyosida moliyaviy menejmentning asosiy funksional elementi hisoblangan moliyaviy rejalashtirish tizimini takomillashtirish masalalari keng tadqiq etilmoqda. Xususan, global pandemiya sharoitida tashqi bozorlardagi o‘zgaruvchan muhitga tez moslanuvchan moliyaviy rejalashtirish tizimi va uning strategik rejalar bilan uyg‘unlashtirilgan mukammal modelini shakllantirish yuzasidan maqsadli izlanishlar olib borilmoqda. Shuningdek, moliyaviy menejmentning asosiy funksional elementlaridan biri kompaniyalar moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini kompleks baholashning keng ko‘rsatkichlar arsenalini mujassamlashtiruvchi moliyaviy diagnostikaning tashkiliy arxitekturasini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Мақолада консолидациялашган молиявий ҳисоботларни (кейинги ўринларда – КМҲ) Молиявий ҳисоботнинг халқаро стандартлари (кейинги ўринларда – МҲХС) талаблари асосида тайёрлаш жараёнида учрайдиган муаммолар институционал, методик ва ташкилий жиҳатдан таҳлил қилинган. Тадқиқотда КМҲ, алоҳида корхоналар ҳисоботини моддама-модда жамлаш амалиётидан кўра кенгроқ тизим сифатида талқин қилиниб, гуруҳ даражасидаги иқтисодий муносабатлар, консолидациялашган корхоналар устидан назоратни амалга ошириш механизми, консолидациялаш учун зарур ахборот тизими ва интеграциялашган ҳисоб сиёсатини ташкил этиш масалалари ўрганилди. Мақолада Ўзбекистон шароитида консолидациялаш жараёнида учрайдиган асосий амалий муаммолар, яъни назоратни баҳолашдаги формал ёндошувлар, ягона гуруҳ ҳисоб сиёсатини қўллаш ва гуруҳ ичидаги операцияларни ўзаро бартараф этиш (элиминация) билан боғлиқ муаммолар, саёз маълумотлар базаси ва кадрлар салоҳиятининг етарли эмаслиги каби омиллар ўрганиб чиқилган. Мазкур муаммолар бешта асосий гуруҳ (меъёрий-институционал, ташкилий-бошқарув, методик, техник ва кадрлар)га ажратилди, ва уларнинг таҳлили натижасида муаллиф томонидан диагностика модели таклиф этилди. Шунингдек, консолидациялаш периметрини аниқлаш, гуруҳ ҳисоб сиёсатини стандартлаштириш, маълумотлар базасини модернизация қилиш ва инсон капитали салоҳиятини ошириш бўйича амалий тавсиялар ишлаб чиқилди. Тадқиқот натижалари Ўзбекистонда консолидациялашган молиявий ҳисоботларни тайёрлашни такомиллаштириш, корпоратив бошқарув шаффофлигини ошириш ва ҳисобот тузувчи корпоратив гуруҳларни халқаро молиявий бозоргага интеграциялашув жараёнини чуқурлашишига хизмат қилади
Ushbu maqolada AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya va Finlyandiya oliy ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan moliyaviy menejment modellari rasmiy hisobotlar va xalqaro tashkilotlar ma'lumotlari asosida qiyosiy tahlil etildi. Tadqiqot daromad diversifikatsiyasi, samaradorlikka asoslangan moliyalashtirish, raqobatli grantlar tizimi va raqamli byudjet boshqaruvi bo‘yicha xorijiy amaliyotning asosiy tamoyillarini ochib berdi. Natijalar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun ilmiy asoslangan amaliy tavsiyalar shaklida umumlashtirildi
Mazkur maqolada xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining uzluksizligini ta’minlash, moliyalashtirish manbalarini jalb etish hamda boshqaruv qarorlarini samarali qabul qilishda buxgalteriya axborotining miqdor va sifat jihatlari muhim omil ekanligi yoritilgan. Moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlarini manfaatdor foydalanuvchilar, xususan tijorat banklari, investorlar va kreditorlar nuqtai nazaridan shaffof, aniq, ishonchli va iqtisodiy mazmuniga mos holda taqdim etish bilan bog‘liq mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Xususan, moliyaviy tahlil jarayonida ayrim balans moddalari iqtisodiy mohiyatidan kelib chiqib qayta tasniflanishi orqali buxgalteriya axborotining miqdoriy va sifat tavsiflari uyg‘unligini ta’minlash, natijada korxonaning to‘lovga qobiliyatliligi hamda moliyaviy barqarorligini haqqoniy baholashga xizmat qiluvchi yondashuvlar asoslab berilgan