Ushbu maqolada hududiy soliq salohiyatini aniqlashning ekonometrik modeli ishlab chiqilgan. O‘zbekiston hududlari bo‘yicha 2016–2024-yillarga oid statistik ma‘lumotlar asosida ko‘p omilli regressiya modeli qurilgan bo‘lib, unda iqtisodiy (YIM, investitsiyalar), demografik (aholi soni, urbanizatsiya), moliyaviy va institutsional omillarning soliq tushumlariga ta‘siri kvantitativ tarzda baholangan. Korrelyatsion tahlil va VIF ko‘rsatkichi yordamida multikollinerlik optimallashtirilib, model ishonchliligi R²=0,87 darajasida tasdiqlangan. Uch ssenariy – bazaviy, optimistik va pessimist – asosida 2025–2027-yillar uchun hududiy soliq tushumlari prognozi taqdim etilgan. Natijalar hududiy fiskal siyosatni shakllantirish va budjetlararo resurslarni samarali taqsimlash uchun amaliy asos yaratadi
Mazkur tadqiqotda O‘zbekiston aholisining 2050-yilgacha demografik rivojlanishini prognozlashda geografik axborot tizimlari (GAT) texnologiyalaridan foydalanish metodologiyasi ishlab chiqildi. Tadqiqotning asosiy maqsadi aholi soni, yosh-jins tarkibi, hududiy joylashuvi, urbanizatsiya jarayonlari hamda ichki va tashqi migratsiya oqimlarini hududlar kesimida kompleks tahlil qilish va prognozlash mexanizmini takomillashtirishdan iborat. Tadqiqot natijalari davlat rejalashtiruvi, hududiy rivojlanish strategiyalari, mehnat bozori prognozlari va ijtimoiy infratuzilmani optimallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. GAT texnologiyalaridan foydalanish demografik prognozlarning aniqligi va vizual tahlil imkoniyatlarini oshirib, qaror qabul qilish jarayonini ilmiy asoslashga xizmat qiladi