Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Mazkur ilmiy tadqiqot ishida zamonaviy raqamli texnologiyalarni taʼlim jarayoniga integratsiya qilish, taʼlim texnologiyalaridan (EduTech) dars jarayonlarida samarali foydalanish, ularning taʼlim mazmuni va sifatiga taʼsiri yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazilgan. Shuningdek, zamonaviy pedagogik dasturiy vositalar, mualliflik vositalari (Authoring tools), taʼlimni boshqarish tizimlar (LMS), sunʼiy intellekt texnologiyalari va shu kabi innovatsion yondashuvlar asosida taʼlim sohasini raqamli transformatsiya qilish istiqbollari muhokama qilingan. Bundan tashqari, ilgʻor xorij tajribasi va taʼlimga oid interfaol platformalarni tahlil qilish orqali, pedagog kadrlar uchun interfaol taʼlim resurslari, multimediali vositalar hamda sunʼiy intellekt yordamida raqamli resurslarni yaratish usullari boʻyicha taklif va tavsiyalar keltirib oʻtilgan.
Maqolada davlat investitsiya siyosatining institutsional mexanizmlari va strategik yondashuvlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni (TXI) jalb etishga qanday ta’sir ko‘rsatishi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot institutsional nazariyaga asoslangan bo‘lib, tizimlashtirish, qiyosiy tahlil hamda dinamik qatorlarni taqqoslash usullaridan foydalanilgan. O‘zbekiston Respublikasida qo‘llanilayotgan institutsional mexanizmlar va strategik yondashuvlar, jumladan, huquqiy kafolatlar, tashkiliy tuzilmalar, rag‘batlantiruvchi rejimlar hamda xalqaro-huquqiy integratsiya vositalari tizimlashtirilgan.