Maqolada monopoliyaga qarshi davlat organi va uning hududiy boshqarmalari faoliyatining institutsional tahlili amalga oshirilgan. Tadqiqotda huquqiy maqom, vakolatlar, tashkiliy tuzilma, boshqaruv va nazorat mexanizmlarining markaziy va hududiy darajalardagi o‘zaro uyg‘unligi baholanadi. Institutsional samaradorlik qonuniy vakolatlarning amaliy ijrosi, institutlar sifati, mustaqillik, hisobdorlik va shaffoflik mezonlari asosida tahlil qilinadi. Shuningdek, ex-ante va ex-post nazorat mexanizmlarining integratsiyasi hamda agent–principal munosabatlari ochib beriladi
Iqtisodiy jarayonlarning faol raqamli transformatsiyasi sharoitida elektron tijorat subyektlarini boshqarish samaradorligini oshirish masalalari alohida dolzarblik kasb etmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida e-commerce sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar boshqaruv ko‘rsatkichlarini optimallashtirishga doir konseptual yondashuvlar va amaliy mexanizmlar tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida elektron biznesning institutsional muhiti, raqamli yetuklik darajasi va texnologik infratuzilmasi o‘rganilib, rivojlanishni cheklayotgan asosiy to‘siqlar aniqlangan. E’tibor integratsiyalashgan boshqaruv modelini joriy etish zarurati, jumladan, raqamli analitika, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, mijozlar bilan aloqani shaxsiylashtirish va zamonaviy platformaviy yechimlardan foydalanishga qaratiladi. Xalqaro tajriba bilan solishtirma tahlil asosida, O‘zbekiston sharoitiga mos holda e-commerce subyektlari faoliyat samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari raqamli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini shakllantirish va elektron savdoning barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda qo‘llanilishi mumkin.
Мақолада молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликнинг институционал ўзига хосликлари назарий ва амалий жиҳатдан тадқиқ этилган. Ўзбекистонда давлат молиясини бошқариш тизимини модернизация қилиш, бюджет жараёнларида очиқлик даражасини ошириш, халқаро молиявий ҳисобот стандартларига босқичма-босқич ўтиш бўйича амалга оширилаётган ислоҳотлар таҳлил қилинган. Халқаро тажриба (Финляндия, Канада, Жанубий Корея, Австралия, Швеция) мисолида самарали молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликни таъминловчи омиллар реал вақтда маълумот тақдимоти, мустақил аудит институтлари ва рақамли технологиялардан фойдаланишнинг аҳамияти кўрсатиб берилган. Шунингдек, Ўзбекистоннинг PEFA ва Очиқ бюджет индекси кўрсаткичлари таҳлил қилиниб, мавжуд муаммолар ва уларни ҳал қилиш йўналишлари юзасидан таклифлар ишлаб чиқилган. Тадқиқот натижаларига кўра, миллий қонунчиликни мустаҳкамлаш, ахборотларни халқаро стандартлар асосида тақдим этиш, жамоатчилик иштирокини кенгайтириш ва рақамли технологияларни жорий этиш молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликнинг институционал пойдеворини мустаҳкамлашда ҳал қилувчи аҳамиятга эга.
Ushbu maqolada mintaqaviy investitsiya-innovatsion jarayonlarning iqtisodiy mohiyati, ularning tarkibiy elementlari, rivojlanish mexanizmlari hamda hududlar darajasida namoyon bo‘ladigan o‘ziga xos xususiyatlari tahlil qilinadi. Tadqiqotda investitsiya faoliyati bilan innovatsion jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi, mintaqalar iqtisodiy salohiyatiga ta’siri, infratuzilma, institutsional muhit va boshqaruv mexanizmlarining jarayon samaradorligidagi o‘rni yoritilgan. Mintaqaviy farqlar, resurslar taqsimoti, klasterlash jarayonlari hamda davlat-xususiy sheriklikning yangi shakllari asosida mintaqaviy investitsiya-innovatsion tizimning asosiy tamoyillari ochib beriladi. Tadqiqot natijalari hududlar raqobatbardoshligini oshirish, innovatsion rivojlanish strategiyalarini shakllantirish va investitsion siyosatni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega
Mazkur maqolada O‘zbekiston mintaqalarida oziq-ovqat sanoati korxonalarining innovatsion faolligi va ularning hududiy taqsimlanish xususiyatlari ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotda oziq-ovqat sanoati milliy iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida ko‘rib chiqilib, korxonalarning innovatsion faoliyati hududiy rivojlanish darajasi, ishlab chiqarish infratuzilmasi, institutsional muhit va inson kapitali bilan uzviy bog‘liqlikda baholanadi. Innovatsion faollikning mintaqalar bo‘yicha notekis taqsimlanganligi iqtisodiy samaradorlik, raqobatbardoshlik va qo‘shilgan qiymat yaratish jarayonlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi asoslab beriladi. Maqolada hududiy tafovutlarning sabablari ochib berilib, innovatsion faollikni oshirishda mintaqaviy yondashuvning ahamiyati ko‘rsatib o‘tiladi. Tadqiqot natijalari oziq-ovqat sanoatini innovatsion rivojlantirish va hududiy iqtisodiy siyosatni takomillashtirish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi
Maqolada qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashishning Oʻzbekistonning xomashyosiz eksportiga ta’siri empirik jihatdan tahlil qilinadi. Globallashuv va xalqaro raqobatning kuchayishi sharoitida institutsional muhit tashqi savdo raqobatbardoshligining muhim omillaridan biri hisoblanadi. 2001–2022 yillarni qamrab olgan panel ma’lumotlar va kengaytirilgan gravitatsion savdo modeli asosida korrupsiyani nazorat qilish hamda qonun ustuvorligi ko‘rsatkichlarining xomashyosiz eksport hajmlariga ta’siri baholanadi. Tadqiqot natijalari qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashish eksport hajmlariga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi. Olingan xulosalar eksportni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini rivojlantirish institutsional islohotlarsiz mumkin emasligini ko‘rsatadi
Maqolada qurilish xizmatlarini mustaqil xizmatlar segmenti sifatida rivojlantirishning iqtisodiy mexanizmini shakllantirishga doir nazariy-metodologik yondashuvlar asoslab beriladi. Tizimli va institutsional yondashuvlar asosida mexanizmning mohiyati hamda tuzilmasi aniqlashtirilib, uning asosiy bloklari va instrumentlari ajratib ko‘rsatiladi, shuningdek qurilish xizmatlarining hududiy rivojlanishdagi multiplikativ ta’siri yoritiladi. O‘zbekistonda real sektorni jadallashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy baza mexanizmning institutsional ta’minoti sifatida talqin qilinadi. Keyingi empirik tadqiqotlar uchun samaradorlikni baholashning metodologik qoidalari taklif etiladi.
Ушбу мақолада махсус иқтисодий зоналар (МИЗ) концепциясининг назарий асослари ва уларнинг иқтисодий ривожланишдаги ўрни таҳлил қилинган. Жаҳон амалиётидаги МИЗ моделлари: эркин савдо ҳудудлари, саноат парклари, технологик кластерлар ҳамда инновацион зоналарнинг ривожланиш хусусиятлари ёритилган. Шунингдек, МИЗнинг ижобий таъсирлари ҳамда салбий хавфлари чуқур муҳокама қилинган. Олинган натижалар МИЗларни миллий саноат сиёсати ва барқарор ривожланиш стратегиялари билан уйғунлаштириш зарурлигини асослаб берди.