Ushbu maqolada globallashuv jarayonining jadallashuvi fonida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar va ularning demografik jarayonlarga ko‘rsatayotgan ta’siri kompleks tahlil qilinadi. XXI asrda iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashuvi, sanoatlashuvning tezlashuvi, resurslardan cheksiz foydalanish amaliyoti hamda transmilliy ishlab chiqarish zanjirlarining kengayishi ekologik bosimning keskin kuchayishiga olib kelmoqda. Atmosfera ifloslanishi, global isish, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi, biologik xilma-xillikning kamayishi kabi omillar nafaqat tabiiy ekotizimlarni, balki inson hayoti bilan bog‘liq demografik ko‘rsatkichlarni ham jiddiy o‘zgartirmoqda. Tadqiqotda ekologik muammolarning tug‘ilish ko‘rsatkichi, o‘lim darajasi, migratsiya oqimlari, aholi salomatligi, mehnat resurslarining sifati va hududiy demografik nomutanosiblik kabi jarayonlarga ko‘rsatadigan bevosita va bilvosita ta’siri yoritilgan. Xususan, ekologik xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda tug‘ilishning qisqarishi, kasallanishning oshishi, muddatidan oldin vafot etish holatlarining ko‘payishi, ekologik migratsiyaning kuchayishi, aholi salohiyatining pasayishi kabi demografik o‘zgarishlar qayd etilgan. Shuningdek, global iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan suv tanqisligi yoki qurg‘oqchilik kabi omillar aholining migratsiya strategiyasini shakllantiruvchi asosiy determinantlardan biriga aylangani ilmiy manbalar asosida ko‘rsatib beriladi
Ushbu maqolada aholini uy-joy bilan ta’minlash darajasini baholash uchun ko‘p omilli (multifaktorli) o‘lchov modeli ishlab chiqilgan va undagi asosiy omillarning ta’siri tahlil qilinadi. Modelda ijtimoiy-iqtisodiy omillar (daromad darajasi, bandlik, oila tarkibi, demografik o‘zgarishlar), moliyaviy omillar (ipoteka kreditlari mavjudligi, uy-joy narxlari, subsidiyalar), urbanizatsiya va infratuzilma rivojlanishi kabi ko‘rsatkichlar kompleks tarzda hisobga olinadi. Tadqiqot natijalarida omillarning o‘zaro ta’siri, ularning ta’sir kuchi va yo‘nalishi baholanib, modelning prognoz qilish qobiliyati sinovdan o‘tkaziladi. Ish natijalari davlat uy-joy siyosatini takomillashtirish, aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy takliflar berishga qaratilgan