Ushbu maqolada davlat byudjeti va soliqlar orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda fiskal ko‘rsatkichlar, byudjet daromadlari va xarajatlari dinamikasi hamda ularning YaIMga nisbati o‘rganildi. Soliq tizimidagi strukturaviy o‘zgarishlar, soliqqa tortish bazasining kengayishi va raqamlashtirish jarayonlarining kuchayishi iqtisodiy barqarorlikka ta’sir etuvchi muhim omillar sifatida ko‘rsatildi. Byudjet xarajatlari samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar infratuzilma loyihalarining eng yuqori natija berishini, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida esa samaradorlikni oshirish zarurligini ochib berdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlat fiskal siyosati iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda asosiy mexanizmlardan biri bo‘lib, kelgusida taqchillikni kamaytirish, xarajatlarni optimallashtirish va ijtimoiy samaradorlikni oshirish yo‘nalishlarida islohotlarni chuqurlashtirish zarurligi aniqlangan.
Maqolada ijtimoiy xizmatlarning aholi farovonligini ta’minlashdagi rolining nazariy hamda amaliy jihatlari yoritib berilgan. Ma’lumotlar muallifning kuzatuvlari va adabiyotlar tahlili asosida tuzildi.
Agroklaster tizimini optimallashtirish bo‘yicha xorijiy strategik yondashuvlarni o‘rganish qishloq xo‘jaligi va sanoatni integratsiyalash orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqolada turli davlatlarning agroklaster modelini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalari tahlil qilinadi. Xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning davlat siyosati, investitsiya jalb etish usullari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va agroklasterlarning global bozor bilan integratsiyasi kabi strategik yondashuvlari o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari agroklaster tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatlarini tahlil qilishga va mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan modelni taklif etishga qaratilgan.
Ushbu maqola O‘zbekiston iqtisodiyotida xotin-qizlar tadbirkorligining rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganadi va xizmat ko‘rsatish sohasida ularning faoliyatining ahamiyatini tahlil qiladi. Maqolada xotin-qizlar tadbirkorligining o‘sishini rag‘batlantirish uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlar, shu jumladan ta’lim, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va davlat siyosatining roli yoritilgan. Xotin-qizlar tadbirkorligining xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘rni va uning iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha tahlil qilinadi va ushbu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan muammolar va ularni hal etish usullari keltiriladi.
Hududlarda inson salohiyatini takomillashtirish iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Maqolaning asosiy muammosi, hududlar o‘rtasida salohiyatni teng rivojlantirishning zarurligi va inson resurslaridan samarali foydalanish, aholining turli sohalardagi imkoniyatlarini oshirish, shu bilan birga, jamiyatning umumiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan. Maqolada tasviriy statistika, Pearson korrelatsiya testi va regressiya tahlillari qo‘llanilib, natijada, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ish o‘rinlari yaratish va sanoat sohasida innovatsiyalarni rivojlantirish orqali inson salohiyatini oshirishni ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqqan holda, ilmiy va amaliy nuqtai nazardan, hududlarda iqtisodiy rivojlanish va sanoat sohasidagi resurslarni samarali boshqarish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur ishda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatish sohasining hozirgi holati, uning iqtisodiyotdagi oʻrni va rivojlanish tendensiyalari tahlil qilinadi. Unda sohaning tarkibiy tuzilmasi, hududlar boʻyicha rivojlanish darajasi, raqamli texnologiyalar ta’siri hamda davlat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash choralariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, xizmat koʻrsatish sohasiga xos boʻlgan mahalliy xususiyatlar, muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari yoritiladi. Tadqiqot natijalari asosida sohani yanada rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berilgan.
Mazkur maqolada mamlakatda soliq sohalarida ko‘p yillardan buyon soliq ma’murchiligini takomillashtirish bo‘yicha rivojlantirish sarhisobi, biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni takomillashtirishda hududlararo soliq inspeksiyasining o‘rni va ahamiyati yoritilgan. O‘zbekiston soliq tizimida amalga oshirilayotgan ayrim muhim islohotlar o‘rganilib, xorij tajribasi, mamlakatimizda uni qo‘llash bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Мақолада давлат молиявий сиёсатининг самарадорлигини баҳолашнинг методологик асосларини такомиллаштириш ва уларни Ўзбекистон амалиётида қўллаш масалалари ёритилган. Хусусан, давлат молиявий сиёсатини баҳолашнинг назарий асослари, унинг самарадорлигини аниқлашда анъанавий ва замонавий методларнинг имкониятлари кўриб чиқилган. Жумладан, макроиқтисодий кўрсаткичлар асосида самарадорлик композит индекси (MSSI – Macroeconomic Stability and Sustainability Index), секторлар кесимида харажат-натижа самарадорлигини баҳолаш модели (DEA – Data Envelopment Analysis), солиқ сиёсатининг ЯИМга таъсир даражасини аниқлашда эластиклик усули ҳамда Лаффер чизиғига асосланган бихевиорал моделлари, ижтимоий харажатлар самарадорлигининг натижавий баҳосини ифодаловчи таҳлили (PBB – Performance-Based Budgeting) тадқиқ этилди. Ўзбекистон амалиёти мисолида ушбу методологик ёндашувлар таҳлил қилинди ва натижалар орқали давлат молиявий сиёсатининг кучли ва заиф жиҳатлари очиб берилди ҳамда уни такомиллаштиришнинг истиқболли йўналишлари ёритиб берилди.
Mazkur maqolada innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishning xorijiy tajribalari va ularning milliy iqtisodiyot sharoitida qo‘llash imkoniyatlari ilmiy-nazariy jihatdan yoritilgan. Hozirgi globallashuv jarayonida innovatsiyalarni joriy etish va investitsiyalarni samarali boshqarish iqtisodiy taraqqiyotning muhim omiliga aylangan. Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy mexanizmlar, huquqiy bazaning mukammalligi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi va ilmiy salohiyatning yuqoriligi muhim o‘rin tutadi. Milliy iqtisodiyotda bu tajribalarni tatbiq etish innovatsion infratuzilmani rivojlantirish, venchur kapital bozorini shakllantirish, xususiy sektorni rag‘batlantirish va startaplar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Shu bilan birga, xorijiy tajribani milliy sharoitga moslashtirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish va milliy innovatsion tizimni takomillashtirish zarur. Mazkur maqolada xorijiy tajribalar tahlil qilinib, ularni o‘zbek iqtisodiyoti uchun tatbiq etish mexanizmlari yoritiladi hamda milliy innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishning nazariy va amaliy yo‘nalishlari asoslab beriladi.
Mazkur maqolada korxonalarda moliyaviy rejalashtirish samaradorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda xorijiy tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. Rivojlangan mamlakatlarda moliyaviy rejalashtirish, avvalo, bozor mexanizmlari, raqamli texnologiyalar va moliyaviy nazorat tizimlari bilan uyg‘unlashgan holda amalga oshiriladi. Moliyaviy resurslarni samarali taqsimlash va optimallashtirish, byudjetlashtirish va prognozlashning avtomatlashtirilgan modellaridan foydalanish, risklarni boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga rioya qilish, korporativ boshqaruv prinsiplari asosida moliyaviy shaffoflik va mas’uliyatni ta’minlash juda muhim. Shu bilan birga, xorijiy korxonalar tajribasida innovatsion moliyalashtirish manbalaridan – venchur kapitali, obligatsiyalar, lizing va kraudfandingdan keng foydalanish kuzatiladi. Mazkur tajribalarni tahlil qilish O‘zbekiston korxonalari uchun moliyaviy rejalashtirishning samaradorligini oshirish, raqobatbardoshlikni kuchaytirish va jahon bozorlariga integratsiya jarayonlarini tezlashtirishda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi