Mazkur maqolada O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’lim xizmatlarini raqamlashtirishning institutsional asoslari, normativ-huquqiy muhiti, raqamli infratuzilma holati va uning rivojlanish tendensiyalari tahlil qilingan. Shuningdek, inklyuziv ta’lim xizmatlarini tashkil etishda Learning Analytics, Big Data va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari o‘rganilgan. PEST va SWOT tahlillari asosida sohaning kuchli va zaif tomonlari baholangan hamda 2030 yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari davlat, oliy ta’lim muassasalari va IT infratuzilmasi integratsiyasi asosida yagona inklyuziv raqamli ta’lim ekotizimini shakllantirish zarurligini ko‘rsatadi
O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim muassasalari moliyaviy menejmentning nazariy asoslarini chuqur o‘rganish-mamlakat ta’lim manzarasida xususiy ta’lim tashkilotlarining ro‘li oshib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak muhim hisoblanadi. Ushbu tadqiqotda moliyaviy menejmentning asosiy elementlari taqdim etilgan, hamda oliy ta’lim bilan bog‘liq nodavlat tashkilotlarda moliyaviy boshqaruvning amaliy, huquqiy va strukturaviy jihatlari haqida tushunchalar va ma’lumotlar berilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarini moliyalashtirishning asosiy mexanizmlari sanab o‘tilgan, hamda davlat va nodavlat institutlari oʻrtasidagi moliyaviy strategiyalarning qiyosiy tahlili natijasi taqdim etilgan. Yakuniy natijalar nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari (NOTT) moliyaviy barqarorlikka qanday erishishi va shu tariqa kengroq milliy rivojlanish maqsadlariga hissa qo‘shishi mumkinligini chuqurroq tushunish imkonini beradi.