Mazkur maqolada foiz stavkasi va valyuta kursi orqali savdo balansiga ta’sir O‘zbekiston misolida tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari monetar siyosat instrumentlari savdo balansiga qisqa va uzoq muddatlarda turlicha ta’sir ko‘rsatishini aniqlaydi. Olingan xulosalar monetar siyosatni tashqi savdo va tarkibiy islohotlar bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ko‘rsatadi
Мақолада Ўзбекистонда фаолият юритаётган иқтисодий ночор корхоналар муаммолари, уларнинг молиявий барқарорлиги ва рентабеллигини тиклаш масалалари комплекс ёндашув асосида ёритилган. Тадқиқот давомида корхоналарнинг молиявий аҳволини баҳолашда халқаро тажрибалар (ЕИ, АҚШ, Жанубий Корея) ва маҳаллий ёндашувлар солиштирилиб, миллий тизимда мавжуд камчиликлар аниқланади. Шунингдек, мақолада давлат дастурлари орқали имтиёзли молиялаштиришдан фойдаланаётган корхоналар таҳлили келтирилиб, саноат, энергетика, қишлоқ хўжалиги, туризм ва инновацион тармоқларда ажратилган маблағлар миқдори ва мақсадлари кўрсатиб ўтилган. Бундан ташқари, молиявий ҳолатни баҳолашда қўлланилаётган асосий механизмлар – тўловга қобилиятни таҳлил қилиш, қарздорлик коеффициенти, санаация режаси, муҳандислик-иқтисодий экспертиза ва иқтисодий судлар қарорлари – уларнинг афзалликлари ва камчиликлари билан бирга таҳлил қилинади. Бу услубларнинг такомиллашуви рақамли платформалар, автоматлаштириш, халқаро баҳолаш стандартларини жорий этиш заруратини юзага чиқаради.
Ushbu maqolada yashil iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi. Tadqiqotda iqtisodiy kengayish va ekologik muvozanat bir-biriga zid jarayonlar emas, balki uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlovchi o‘zaro bog‘liq rivojlanish omillari sifatida baholanadi. Maqolada qiyosiy tahlil, statistik kuzatuv va kichik tanlanmaga asoslangan OLS regressiya modeli qo‘llanilib, O‘zbekistonda YAIM o‘sishi, aholi jon boshiga CO2 emissiyasi va qayta tiklanuvchi energiya ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi munosabat o‘rganiladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, institutsional, texnologik va moliyaviy yashillashtirish mexanizmlari yetarlicha rivojlanmaganda iqtisodiy o‘sish ekologik bosim bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining kengayishi va ESG tamoyillarining kuchayishi ushbu bog‘liqlikni bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi
Мазкур мақолада туристик-рекреацион хизматларнинг иқтисодий моҳияти, таркибий хусусиятлари, миллий иқтисодиёт тизимидаги ўрни илмий жиҳатдан таҳлил қилинган ҳамда шу билан биргаликда туристик салоҳиятнинг юқори кўрсаткичларига қарамасдан мамлакатнинг иқтисодий ривожланишига унинг таъсири анча паст эканлигига алоҳида эътибор қаратилган. Ўзбекистон туристик-рекреацион салоҳиятини миллий ҳисоботлар тизимининг меъёрларида тармоқлараро ва халқаро таққослаш имконини берадиган баҳолаш методларини амалга ошириш туризм соҳасида долзарб масала эканлиги бўйича таклиф ва мулоҳазалар берилган
Maqolada islom buxgalteriya hisobining mazmuni yoritilgan. Islom buxgalteriya hisobini an’anaviy buxgalteriya hisobi bilan solishtirish orqali uning mohiyatini kengroq ochib berishga harakat qilingan. Islom buxgalteriyasiga oid turli olimlar tomonidan berilgan ta’riflar keltirilgan va tahlil qilingan. Islom buxgalteriyasini to‘liq tushunish maqsadida islom moliyaviy tizimining asosiy xususiyatlariga ham to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, buxgalteriya hisobotidagi mavjud hisobotlar hamda unga qo‘shimcha tarzda islom buxgalteriyasida qo‘shilgan hisobot shakllari yoritilgan. Buxgalteriya balansi hamda moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotlardagi qo‘shimcha bandlarning yuzaga kelish sabablari, ushbu bandlarda yoritiluvchi balans moddalari hamda foyda va zararga tegishli bo‘lgan moliyaviy operatsiyalarning tavsifi berilgan. Xulosa qismida, islom buxgalteriyasi va an’anaviy buxgalteriya vazifalaridagi farqli jihatlar ta’kidlab o‘tilgan
Texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib, global raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda insoniyat hayotining barcha sohalarida raqamli jarayonlarning ahamiyati oshib bormoqda. Davlatning boshqaruv tizimidan boshlab ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarida raqamlashgan texnologiyalardan foydalanish soha taraqqiyoti va kelajagini belgilab beradigan asosiy omilga aylandi desak xato fikr yuritmagan bo‘lamiz. Maqolada raqamli iqtisodiyot shakllanishining asosiy tendensiyalari va tarixiy bosqichlari, uning rivojlanishiga turtki bergan jarayonlar hamda zamonaviy iqtisodiy tizimning umumiy xususiyatlarini ilmiy asoslashga urg‘u beriladi. Qolaversa, so‘nggi davrda raqamli texnologiyalarning progressiv rivojlanishi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi fonida raqamli iqtisodiyot rivojlanishining asosiy tendensiyalari tahlil qilinadi va tegishli xulosalar chiqariladi. Tadqiqotda jahon bozorining holati, talab va taklifning mutanosibligi, zamonaviy iqtisodiy bilimlar va raqamli texnologiyalarning savdodagi hissasi xususida fikr yuritiladi. Sun’iy intellekt, BIG DATA, bulutli texnologiyalar, blokcheyn, kriptovalyutalar, mobil texnologiyalar, elektron tijorat va raqamli moliyaviy xizmatlar kabi yo‘nalishlarning iqtisodiy samaradorlikka ta’siri ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston misolida raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati, mavjud muammolar va istiqbollar asosiy yo‘nalishlari borasida takliflar tayyorlanadi.
Lizing oluvchi korxonalarda ijara hisobining moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida takomillashtirilishi moliyaviy shaffoflikni oshirish, aktivlar va majburiyatlarni aniq aks ettirish hamda investitsion jozibadorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. MHXS 16 "Ijara" standarti asosida lizing majburiyatlarini balansda toʻgʻri aks ettirish va korxonalarning moliyaviy holatini real aks ettirish koʻrib chiqilgan.