Ushbu maqolada milliy iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish samaradorligini oshirishning strategik yo‘nalishlari o‘rganilgan. Tadqiqotda iqtisodiyotning tarkibiy jihatdan takomillashuvi, tarmoqlararo mutanosiblikni ta’minlash, innovatsion rivojlanishni jadallashtirish hamda investitsion faollikni oshirish masalalari tahlil qilingan. Shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitalini rivojlantirish va hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy xulosalar hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada milliy iqtisodiyotda innovatsion tadbirkorlik subyektlari, xususan startap ekotizimlarining biznes-modellarini moliyalashtirish tendensiyalari va ular bilan bogʻliq risklarni baholash mexanizmlari tadqiq etilgan. Bugungi raqamli transformatsiya sharoitida startap loyihalarni an’anaviy va muqobil moliya instrumentlari (venchur kapitali, kraudfanding) orqali qoʻllab-quvvatlash tizimi tizimli tahlil qilingan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, innovatsion biznes-modellarning barqarorligi ularning moliyaviy oqimlarini toʻgʻri prognozlash va oʻziga xos risk omillarini minimallashtirish strategiyalariga bogʻliq. Xulosada milliy startap loyihalarning moliyaviy barqarorligini oshirish va ularning biznes-modellaridagi risklarni kamaytirish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu ilmiy maqolada Qashqadaryo viloyati turizm bozorida iste’molchi xulq-atvorining raqamli transformatsiyasi empirik jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqot davomida turistlarning raqamli platformalar, ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar va onlayn bronlash tizimlaridan foydalanish darajasi o‘rganildi. Shuningdek, raqamli texnologiyalarning turistik xizmatlarni tanlash, baholash va xarid qilish jarayonlariga ta’siri aniqlangan. Empirik tahlil natijalari hududiy turizm bozorida iste’molchilar ehtiyojlarining o‘zgarib borayotganini va raqamli marketing vositalarining ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi. Tadqiqot natijalari Qashqadaryo viloyatida turizm xizmatlarini rivojlantirish hamda raqamli strategiyalarni takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi
Ushbu maqolada raqamli turizm platformalarining hududiy turizm infratuzilmasini rivojlantirishdagi roli va xorijiy davlatlarning bu boradagi ilg'or tajribasi o‘rganilgan. Tadqiqotda Osiyo mamlakatlaridan Xitoy, Yevropadan Italiya misolida raqamli turizm platformalarini joriy etishning samarali modellari tahlil qilingan. Qiyosiy tahlil asosida O‘zbekistonning turizm infratuzilmasidagi mavjud muammolar aniqlangan va raqamli platformalarni milliy sharoitga moslashtirib qo‘llashning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berilgan
Ushbu maqolada iqtisodiyotni raqamlashtirish sharoi tida elektron tijoratni boshqarish zarurati va uning zamonaviy iqtisodiyotdagi o‘rni tahlil qilinadi. Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi natijasida elektron tijorat tizimlari biznes jarayonlarining ajralmas qismiga aylangani asoslab beriladi. Maqolada elektron tijoratni samarali boshqarishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, raqamli infratuzilma, logistika, to‘lov tizimlari va mijozlar bilan ishlash mexanizmlari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, raqamlashtirish jarayonida yuzaga keladigan muammolar va ularni hal etish yo‘llari ilmiy jihatdan tahlil etiladi. Tadqiqot natijalari elektron tijoratni boshqarish tizimini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi
Ushbu maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish sharoitida buxgalteriya hisobining milliy standartlaridan (BXMS) moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) o‘tishning strategik ahamiyati va iqtisodiy afzalliklari tahlil qilingan. Tadqiqotda qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilib, BXMS va MHXS o‘rtasidagi asosiy konseptual farqlar, xususan aktivlarni haqqoniy qiymat asosida baholash va moliyaviy shaffoflikni ta’minlash masalalari o‘rganilgan. Shuningdek, Janubiy Koreyaning K-IFRS tizimiga o‘tish tajribasi asosida uning fond bozori va investitsiya oqimlariga ta’siri baholangan
Innovatsion texnologiyalarning jadallik bilan rivojlanib borishi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish jarayonini yangicha yondashuvlar bilan tashkil etish imkonini bermoqda. To’rtinchi sanoat inqilobining eng samarali texnologiyalaridan biri sifatida qaralayotgan sun’iy intellekt (SI), ta’lim jarayonlarini boshqarishni tubdan o‘zgartirib yubormoqda. Ayniqsa bunday texnologiyalar yordamida ta’limni har bir shaxsga moslashtirish va ularning ehtiyojlarini individual qondirish imkonini taqdim etmoqda. Ushbu maqolada moslashuvchan, masofaviy va elektron ta’lim, shu jumladan, SI texnologiyalari yordamida boshqaruv kadrlarini kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirib borish bo‘yicha ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilinadi. Tadqiqot natijasida, O’zbekiston Respublikasida davlat fuqarolik xizmatida faoliyat yuritayotgan boshqaruv kadrlarining kompetensiyalarini rivojlantirish jarayonini raqamli transformatsiya qilish, unda SI vositalaridan foydalanish, mazkur tizimni raqamli boshqarish hamda uning iqtisodiy samaradorliklari keltirib o‘tiladi.
Mazkur maqolada sanoat korxonalari raqobatbardoshligining iqtisodiy mazmuni va unga ta’sir etuvchi omillar tizimli tahlil qilingan. Xorijlik olimlarning zamonaviy ilmiy yondashuvlari umumlashtirilgan hamda raqobatbardoshlik tushunchasining mikro-, mezo- va makrodarajalardagi xususiyatlari yoritilgan. O‘zbekiston sanoatining rasmiy statistik ma’lumotlari asosida mamlakatimiz sanoat korxonalari raqobatbardoshligining hozirgi holati baholangan va unga ta’sir etuvchi ichki hamda tashqi omillar guruhlashtirilgan holda o‘rganilgan. Tadqiqot natijasida sanoat korxonalari raqobatbardoshligini oshirishga oid ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada islom moliya instrumentlarining raqamli transformatsiyasi, ularni O‘zbekistonda joriy etishning metodologik asoslari hamda xalqaro tajribalar bilan uyg‘unlashtirish masalalari tahlil qilindi. Raqamli texnologiyalar, blokcheyn, smart-shartnomalar, tokenizatsiya, e-KYC va API-integratsiya, islomiy moliyalashtirish jarayonlarida shaffoflikni, operatsion samaradorlikni va shariatga muvofiqlikni kuchaytirishi ilmiy asoslab berildi. Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni tajribasi O‘zbekiston amaliyoti bilan taqqoslanib, milliy raqamli islom moliyasi modelini yaratish uchun zarur bo‘lgan metodik, texnik va huquqiy yo‘nalishlar belgilab olindi. Natijalar sektorning barqaror rivojlanishi uchun raqamli shariat auditi, smart-shartnomalarning huquqiy maqomi, tokenizatsiya qoidalari va shariatga mos fintech ekotizimining shakllantirilishi muhimligini ko‘rsatdi
Ushbu maqola iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasi sharoitida korxona innovatsion faoliyatini boshqarishning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganadi. Unda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning innovatsion jarayonlar samaradorligini va korxonalarning raqobatbardoshligini oshirishga ta’siri o‘rganiladi. Hozirgi iqtisodiy sharoitda innovatsiyalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish zarurati asoslanadi
Maqolada hududiy rivojlanish salohiyatini baholash va barqaror rivojlanish strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asoslari yoritilib, “hududiy salohiyat” tushunchasi tabiiy, iqtisodiy, demografik, infratuzilmaviy hamda institutsional komponentlarning o‘zaro integratsiyasi sifatida talqin etiladi. Tadqiqotda hududiy salohiyatning dinamik xarakteri asoslanib, uni bir martalik hisob-kitob emas, balki muntazam monitoring va qayta baholashni talab qiluvchi jarayon sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar (konsentratsiya, ixtisoslashuv, investitsiya oqimlari, tarmoqlar diversifikatsiyasi va ekologik cheklovlar) misolida differensial strategik yondashuv zarurligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Jadval tahlillari hududiy iqtisodiy transformatsiya jarayonlari va “o‘sish nuqtalari” shakllanishini ko‘rsatib, salohiyatni kompleks baholash strategik ustuvorliklarni aniq belgilash, resurslarni manzilli taqsimlash va barqaror rivojlanishning muvozanatli modelini ta’minlash uchun metodologik poydevor ekanligini tasdiqlaydi
Mazkur maqolada 2024-2025 yillarda O‘zbekiston hududlarida innovatsion tadbirkorlikning rivojlanish darajasi kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqotning dolzarbligi hududlar o‘rtasida innovatsion faollik va investitsion salohiyat ko‘rsatkichlaridagi nomutanosiblik bilan asoslanadi. Tadqiqot metodologiyasi sifatida kontent-tahlil, solishtirma tahlil hamda induksiya va mantiqiy umumlashtirish usullari qo‘llanildi. Muallif tomonidan Hududiy innovatsion tadbirkorlik indeksi (HITI) ishlab chiqilib, rasmiy statistik ma’lumotlar asosida hisob-kitoblar amalga oshirildi. Natijalar hududlar o‘rtasida sezilarli differensial rivojlanish mavjudligini ko‘rsatdi. Yuqori indeksga ega hududlarda innovatsion infratuzilma va investitsiya konsentratsiyasi yuqori bo‘lsa, past indeksli hududlarda institutsional va moliyaviy cheklovlar mavjud. Maqolada innovatsion siyosatni hududiy differensial yondashuv asosida takomillashtirish bo‘yicha strategik takliflar ishlab chiqildi
Ushbu maqolada tijorat banklarida ularning raqobatbardoshligi, samaradorligi va qiymat taklifini oshirish maqsadida moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish strategiyalari koʻrib chiqiladi. Global texnologik rivojlanish va mijozlarning xohish-istaklarining oʻzgarishi bilan ajralib turadigan davrda tijorat banklari oʻzgaruvchan bozor talablariga javob berish uchun innovatsiyalar va moslashish zarurligiga duch kelishmoqda. Maqolada raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib borayotgan bugungi kunda bank sektori oʻz faoliyatini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etmoqda. Tijorat banklarining raqamli moliyaviy xizmatlarni taklif etishi nafaqat mijozlar ehtiyojlarini qondirishga, balki bank xizmatlari sifatini oshirish, operatsion xarajatlarni kamaytirish va raqobatbardoshlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Tijorat banklarining raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish jarayoni uzoq yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan boʻlib, bu jarayon texnologik taraqqiyot, mijozlar talablarining oʻzgarishi va global moliyaviy bozorlarning rivojlanishiga bogʻliq ravishda kechdi. Ushbu strategiyalarni amalga oshirish tijorat banklariga moliyaviy xizmatlar sohasida yetakchi oʻrinlarni egallashga, biznesning oʻsishini ragʻbatlantirishga va kengroq maqsadlarga – iqtisodiy farovonlik va ijtimoiy farovonlikka erishishga yordam beradi.
Ushbu maqolada sohani tubdan o‘zgartirish sharoitida O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l kompaniyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash mexanizmlari ko‘rib chiqiladi. Monopol modeldan raqobatbardosh bozorga o‘tishni tahlil qilib, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik va moliyaviy nazoratni raqamlashtirish usullariga e’tibor qaratadi. Keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish sharoitida likvidlilikni saqlab qolish uchun "unbundling" tizimini va uzoq muddatli moliyalashtirishning yangi vositalarini joriy etish zarurligi asoslangan
Ushbu maqolada O‘zbekistonda banklarni transformatsiyalash jarayonlarining nazariy-uslubiy asoslarini takomillashtirish, shuningdek, bank tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish, biznes-jarayonlarni optimallashtirish va korporativ boshqaruvni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari tahlil qilingan. Shuningdek, xalqaro tajriba asosida bank transformatsiyasining samaradorligini oshirishga qaratilgan uslubiy mexanizmlar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari banklarning moliyaviy barqarorligi, raqobatbardoshligi va xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi
Mazkur maqolada zamonaviy ta’lim tizimida pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirishning dolzarbligi, uning ta’lim sifatini oshirishdagi ahamiyati hamda raqamli transformatsiya sharoitida o‘qituvchi faoliyatiga qo‘yilayotgan yangi talablar ilmiy-nazariy jihatdan yoritilgan. Shuningdek, raqamli kompetensiya tushunchasining mohiyati, tarkibiy qismlari, xalqaro tajriba hamda O‘zbekiston ta’lim tizimida ushbu kompetensiyalarni shakllantirish yo‘llari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish ta’lim samaradorligini ta’minlashda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi.
Global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi, Orol dengizining qurishi, cho‘llanish, salbiy meteorologik jarayonlarning takrorlanishi, yer hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish, biologik xilma-xillikning qisqarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, ko‘p miqdordagi sanoat va maishiy chiqindilarning ko‘payib borishi mintaqaviy ekologik muammolarning kundan-kunga chuqurlashib borayotganligidan dalolat bermoqda. Mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish hamda iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iboratdir.
Ushbu ilmiy maqola milliy iqtisodiyotning turli sohalarida blokcheyn texnologiyasining qo‘llanilishini tahlil qiladi. Maqolada blokcheynning iqtisodiyotdagi afzalliklari, markazlashmagan boshqaruv tizimi, xavfsizlik va shaffoflik imkoniyatlari yoritilgan. Shuningdek, texnologiyaning moliya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda qo‘llanilishi hamda O‘zbekiston tajribasi ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotning dolzarbligi shundaki, blokcheyn texnologiyasi milliy iqtisodiyotning samaradorligini oshirish va raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish imkonini beradi
Ushbu maqolada Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish koʻrsatkichlari tahlil qilinadi. Tadqiqot muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishga erishish uchun qayta tiklanadigan energiya va raqamli transformatsiyaning dolzarbligi ortib borayotganini taʼkidlaydi. Tadqiqot 2014-yildan 2023-yilgacha boʻlgan milliy maʼlumotlarni baholovchi Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) asosida indeks tahlilini qoʻllaydi. Topilmalar masʼuliyatli isteʼmol va iqlim choralari boʻyicha sezilarli yutuqlarni koʻrsatadi, shu bilan birga, qashshoqlikni qisqartirish va sanoat innovatsiyalarida muammolar saqlanib qolmoqda. Barqarorlikni oshirish uchun Oʻzbekiston qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni kengaytirishi, chiqindilarni boshqarishni yaxshilashi va raqamli islohotlarni ragʻbatlantirishi kerak.
Mazkur maqolada mintaqa iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda raqamli transformatsiyaning o‘rni va ahamiyati nazariy hamda metodologik jihatdan tahlil qilinadi. Raqamli texnologiyalar sun’iy intellekt, big data, bulutli hisoblash, IoT va elektron platformalarning hududiy iqtisodiy tizimlarga ta’siri o‘rganilib, ularning resurslardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, investitsion jozibadorlikni kuchaytirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi roli asoslab beriladi. Tadqiqotda mintaqaviy rivojlanishda raqamli transformatsiyaning institutsional, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlari integratsiyalashgan yondashuv asosida ko‘rib chiqiladi. Olingan natijalar mintaqaviy siyosatni raqamlashtirish orqali hududlararo tafovutlarni kamaytirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Mazkur maqolada elektron xaridlar mexanizmining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari, bu jarayonga ta’sir etuvchi iqtisodiy, texnologik va institutsional omillar tahlil qilingan. Xorijiy olimlarning ilmiy yondashuvlari umumlashtirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasida elektron davlat xaridlari tizimining huquqiy asoslari “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 2021-yil 22-apreldagi O‘RQ-684-sonli Qonun doirasida o‘rganib chiqilgan. Tadqiqot natijasida elektron xaridlar mexanizmini rivojlantirishga oid ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqilgan.