Ushbu maqolada O‘zbekiston bank tizimida faoliyat yurituvchi Asakabank ATB misolida nomoddiy aktivlar (NA) auditini takomillashtirish masalalari yoritilgan. Tadqiqotda MHXS 38 “Nomoddiy aktivlar” va IFRS 3 “Biznes birlashmalari” talablariga muvofiq ravishda bank balansida qayd etilgan dasturiy ta’minotlar, internet-banking platformalari, mobil ilovalar, brend qiymati va boshqa intellektual mulk obyektlari tahlil qilindi. Asakabankda NA auditi jarayonida uchraydigan asosiy muammolar – baholashdagi subyektivlik, huquqiy hujjatlar bazasining yetarlicha to‘liq emasligi, amortizatsiya siyosatidagi tafovutlar – aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Jumladan, baholash metodologiyasini standartlashtirish, raqamli texnologiyalarni audit jarayoniga integratsiya qilish, auditorlar malakasini oshirish va intellektual mulk huquqlarini mustahkamlash kabi chora-tadbirlar taklif etildi. Tadqiqot natijalari Asakabank ATBda nomoddiy aktivlar auditining shaffofligini oshirish hamda moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada iqtisodiy tarmoqlarda alohida hisob siyosatini yuritishning nazariy va amaliy jihatlari, uning xalqaro va milliy standartlarga moslashuvi hamda sohaga xos yondashuvlarning ahamiyati yoritilgan. O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini isloh qilish, xususan IFRS standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish jarayonlari tahlil qilingan. Tadqiqotda qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va bank-moliya sektorlarida hisob siyosatining o‘ziga xos xususiyatlari, muammolar va imkoniyatlar ko‘rib chiqilgan. Xalqaro va milliy tajribalar qiyoslanib, sohaga mos metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan.