Ushbu maqolada riskka asoslangan kapital (Risk-Based Capital, RBC) modelining Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta bozori sharoitlariga moslashtirilishi imkoniyatlaritahlil qilinadi. Xususan, xalqaro tajriba – Avstraliya modeli (APRA) asosida, RBC modelining asosiy komponentlari: sugʻurta mukofoti riski, majburiyatlar riski va aktivlar riski boʻyicha empirik tahlil oʻtkazildi. Tadqiqot natijalari kapitalga boʻlgan ehtiyojning asosan sugʻurta xavflari bilan bogʻliqligini koʻrsatdi hamda mavjud qatʼiy normativ yondashuvdan riskka yoʻnaltirilgan moslashuvchan tizimga oʻtish zaruratini taʼkidladi. Maqolada RBC tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha takliflar berilgan: milliy model ishlab chiqish, aktuar maʼlumotlar bazasini yaratish va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni isloh qilish.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston kapital bozorida samarali qimmatli qogʻozlar portfelini shakllantirish masalalari Markowitzning oʻrtacha-dispersiya optimallashtirish modeli asosida tadqiq qilingan. Tadqiqotda 2022-yil 23-iyul - 2025-yil 14-avgust oraligʻidagi 748 kunlik kuzatuvlar boʻyicha “Toshkent” respublika fond birjasida faol oldi-sotdi qilinadigan oltita aksiyadorlik jamiyati - uchta bank (Hamkorbank, Ipoteka-bank, “Ipak yoʻli”) va uchta nobank korxona (“Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” - Oʻztelekom, UZRTXB, CHBSK) aksiyalari asosida teng taqsimlangan, minimal dispersiyali va tangens portfellar shakllantirilgan. Portfellar samaradorligi Sharpe, Treynor koeffitsientlari, Jensen alfasi va M² koʻrsatkichlari boʻyicha baholangan hamda Monte-Karlo simulyatsiyasi yordamida 1000 ehtimoliy portfel asosida bank va nobank sektor indekslari qiyosi amalga oshirilgan. Tadqiqot natijalari bank aksiyalaridan iborat tangens portfelning eng yuqori samaradorlikka ega ekanligini (E(P) = 40,80%, σp = 4,68%, Sharpe koeffitsienti = 6,83) koʻrsatdi
Maqolada toʻlov tizimini rivojlantirishning asosiy masalalari zamonaviy xorijiy tajriba asosida oʻrganilgan hamda uning Oʻzbekistonda qoʻllanish imkoniyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, raqamli iqtisodiyot sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov tizimining holati, muammolari va rivojlanish istiqbollariga kompleks tahlil asosida aniqlik kiritilgan. Oʻtkazilgan tadqiqotlar asosida Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov tizimini takomillashtirish boʻyicha amaliy takliflar va ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasida mehnat bozorini isloh qilish sharoitida kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilishda strategik instrument sifatida professional standartlarning ahamiyati koʻrib chiqiladi. Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Rossiya va Albaniya tajribasi asosida professional malakalarni shakllantirish va joriy etishga doir yondashuvlarning taqqoslama tahlili keltirilgan. Oʻzbekistonda turizm sohasidagi me’yoriy baza va amaliy faoliyat tahlil qilingan holda asosiy muammo va to‘siqlar aniqlangan. Empirik tadqiqot natijalariga koʻra, professional standartlarga nisbatan ish beruvchilar va ta’lim muassasalarining munosabati baholandi hamda milliy malakalar tizimini rivojlantirish boʻyicha yoʻnalishlar belgilandi. Xalqaro tajribalarni milliy shart-sharoitlarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. SWOT-tahlil natijalari asosida standartlarni joriy etish va yangilash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash hamda resurslarni jalb qilish strategiyalari tahlil qilinadi. Bank tizimining modernizatsiyasi, yangi moliyaviy vositalar va innovatsion yondashuvlar orqali mamlakatning iqtisodiy barqarorligi oshirilishi kerakligi koʻrsatilgan. Maqolada Oʻzbekiston bank tizimining asosiy muammolari, ularni bartaraf etishning zamonaviy usullari, shuningdek, xalqaro tajribalar asosida resurslarni jalb qilish imkoniyatlari va ularning mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyati muhokama qilinadi. Shu bilan birga, islohotlar orqali banklar va moliyaviy tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatish yoʻllari tavsiya etiladi.
Ushbu maqola Oʻzbekiston tijorat banklarining ustav kapitalidan foydalanish samaradorligini baholash uchun asosiy koʻrsatkich boʻlgan kapital rentabelligi (ROE) koʻrsatkichini tahlil qilishga qaratilgan. 1999-2023 yillar oraligʻida mamlakatda faoliyat yuritgan tijorat banklari toʻrt guruhga ajratilgan holda mulkchilik shakli boʻyicha ROE oʻrtasidagi farqlar oʻrganildi. Tahlil natijalariga koʻra, davlat bilvosita egalik qiluvchi banklar eng yuqori oʻrtacha ROEga ega boʻlgan boʻlsa, davlat bevosita egalik qiluvchi banklar eng past darajadagi kapital rentabelligini namoyon etdi. Xususiy banklar yuqori darajada tebranuvchanlikka ega boʻlib, bu ularning faoliyatida ortiqcha xavf mavjudligini koʻrsatadi. Xorijiy banklarning kapitaldan foydalanish samaradorligi esa barqaror boʻlib, ular tahlil davrining soʻnggi yillarida ijobiy oʻsishni namoyish etdi. Ushbu tadqiqot tijorat banklarining samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda foydali boʻlishi mumkin.
Ushbu maqola “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan fiskal islohotlarning inklyuzivlik tamoyillariga muvofiqligini tahlil qiladi. Tadqiqotda soliq siyosatining iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy adolat oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashdagi roli Jeyms Mirrleesning optimal soliqqa tortish nazariyasi va zamonaviy empirik maʼlumotlar asosida oʻrganilgan. Maqolada 2025-yilgi soliq kodeksidagi oʻzgarishlar, xususan, ijtimoiy soliq stavkalarining tabaqalashuvi va yashirin iqtisodiyotni legallashtirish mexanizmlarining makroiqtisodiy taʼsiri baholangan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston soliq tizimi fiskal barqarorlikni saqlagan holda, inson kapitalini rivojlantirish va daromadlar tengsizligini yumshatishga qaratilgan inklyuziv modelga oʻtmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi hududlarining investitsion jozibadorligiga taʼsir etuvchi omillar tahlili iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilma koʻrsatkichlarini oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Asosiy omillar qatoriga rivojlangan infratuzilma mavjudligi, resurslarga kirish, davlat ko‘magi va urbanizatsiya darajasi kiradi. Erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) rivoji va biznes iqlimini yaxshilash ham hududlarning investorlar uchun jozibadorligini oshirishda muhim rol oʻynaydi. Tadqiqot hududlarning kuchli va zaif tomonlarini aniqlashga yordam beradi, bu esa investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo‘yicha samarali strategiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada bank xizmatlarini rivojlantirishda moliyaviy texnologiyalar (FinTech)dan foydalanishning nazariy asoslari, rivojlangan mamlakatlar tajribasi va Oʻzbekiston bank tizimida amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya jarayonlari tahlil qilingan. AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Singapur va Janubiy Koreya tajribasi asosida FinTech texnologiyalarining bank xizmatlari samaradorligiga taʼsiri baholangan. Shuningdek, Oʻzbekiston banklarida raqamli xizmatlar koʻlami, mobil bank foydalanuvchilari soni va moliyaviy texnologiyalarning amaliy natijalari statistik maʼlumotlar asosida oʻrganilgan
Maqolada bilvosita soliqlarni Oʻzbekiston Respublikasi soliq tizimida tutgan oʻrni, soliq tizimini isloh etish, soliqlar mexanizmini yanada takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish shuningdek, soliq sohasidagi umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlarni koʻrib chiqiladi, ilgʻor xalqaro tajribalardan xulosalar olinadi. Unda nazorat mexanizmlarini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan, asosiy eʼtibor soliq organlarida siyosat islohotlari, texnologik integratsiya va salohiyatni oshirishga qaratilgan.
Mazkur maqolada 2013-2023-yillarda Oʻzbekiston banklarining faoliyati tahlil qilingan boʻlib, kredit va likvidlik risklarining bank barqarorligiga taʼsiri oʻrganilgan. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, kredit risklarining ortishi moliyaviy barqarorlikni pasaytiruvchi asosiy omildir. Shu bilan birga, yuqori likvid aktivlarga ega boʻlgan banklar barqarorroq ekanligi aniqlangan. Tadqiqot banklarning risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun ilmiy asos va amaliy tavsiyalarni taklif etadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston Respublikasi transport xizmatlari bozorining 2020–2025 yillar davridagi holati va tarmoq dinamikasi tahlil qilingan. Tadqiqotda Milliy statistika qoʻmitasining rasmiy ma’lumotlari, Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksi (LPI) hisobotlari hamda tarkibiy va dinamik taqqoslama tahlil metodlari qoʻllanilgan. Natijalarda transport xizmatlarining YaIMdagi ulushi, transport turlari boʻyicha tarkibiy oʻzgarishlar, sarmoyalar hajmining oʻsishi va bozor raqobatbardoshligini oshirishga yoʻnaltirilgan islohotlar aks ettirilgan. SWOT-tahlil asosida tarmoqning kuchli va zaif tomonlari, imkoniyatlari va tahdidlari belgilab oʻtilgan
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga koʻtarish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish va tarkibiy oʻzgartirishlarni jadallashtirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish maqsadida, 2023-yil 11- sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan “Oʻzbekiston - 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonning II yoʻnalishi aynan “Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash”ga qaratilgan. Ushbu maqola Yevropa Ittifoqi granti boʻlgan ORCA HORIZON-MSCA-2023-SE-01 loyihasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida nashr etilgan
Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy nazariyalarda inson kapitali barqaror rivojlanishning eng muhim manbai sifatida tan olingan. Inson kapitali bu tugʻma, shakllangan va toʻplangan bilim, koʻnikma, qobiliyat va sogʻliqqa ega boʻlgan ishchi kuchi boʻlib, u mehnat jarayonida ishlatilganda oʻz egasiga daromad va umuman mamlakat iqtisodiyoti shaklida maʼlum foyda keltiradi. Biroq, koʻpincha shaxsning ushbu kapitalni toʻplash imkoniyatlari teng emasligi va uning yashash sharoitlariga, u yashaydigan va harakat qiladigan iqtisodiy muhitga bevosita bogʻliqligi eʼtiborga olinmaydi. Ushbu maqolada biz moddiy sharoitlar inson kapitalini shakllantirish va amalga oshirish imkoniyatlarini qanday belgilashini va bu umuman iqtisodiyotga qanday taʼsir qilishini koʻrib chiqamiz
Ushbu maqolada Oʻzbekiston tijorat banklarining 1999–2023 yillardagi sof foiz marjasi (SFM) dinamikasi tahlil qilinadi. Sof foiz marjasi bankning foizli aktivlardan daromad olish samaradorligini ifodalaydi va moliyaviy barqarorlik hamda rentabellikni baholashda muhim koʻrsatkich hisoblanadi. Tadqiqotda mulkchilik shakliga koʻra banklar oʻrtasidagi farqlar, vaqt boʻyicha tendensiyalar hamda ekstremal kuzatuvlarning taʼsiri o‘rganildi. Natijalar xorijiy banklarning sof foiz marjasi boshqa guruhlarga nisbatan sezilarli darajada yuqori ekanini, davlat banklari esa eng past samaradorlikka ega boʻlganini koʻrsatdi. Shuningdek, 2017-yildan keyingi davrda davlat bevosita egalik qiluvchi banklarning samaradorligi sezilarli oshgani qayd etildi.
Maqolada fanlararo ilmiy muammo sifatida turizmda isteʼmolchilarning xulq-atvorini oʻrganishga kompleks yondashuvdan foydalanishning maqsadga muvofiqligi asoslanadi. Asosiy eʼtibor iqtisodiy, xulq-atvor, ijtimoiy-madaniy komponentlarni oʻzida mujassam etgan integrativ modelning mohiyati, tuzilishi va uslubiy asoslarini nazariy tahlil qilishga qaratilgan. Ratsional tanlashning klassik iqtisodiy konsepsiyalarining cheklovlari va xulq-atvor omillarini, kognitiv buzilishlarni, ramziy isteʼmolni, shuningdek, raqamli muhitning turistlar tomonidan qaror qabul qilishiga taʼsirini hisobga olish zarurati taʼkidlangan. Nazariy qoidalar qisman Oʻzbekiston turizm sektoridagi isteʼmolchilar xulq-atvorining oʻziga xos xususiyatlarini tahlil qilish orqali yoritilgan. Zamonaviy sharoitda turizmni rivojlantirishning barqaror strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asosi sifatida kompleks yondashuvni nazariy tushunishning ahamiyati haqida xulosa qilinadi.
Maqolada keyingi yillarda juda ham muhim moliyaviy koʻrsatkichlardan biri boʻlgan valyutalarning barqarorligi tahlil etilgan. Bunda Oʻzbekiston valyutasini asos valyuta qilib olgan holda qoʻshni davlatlar valyutalarini almashinuv bozoridagi bardoshliligi solishtirma usulda tahlil etilgan. Hill bahosi va OLS log-log regressiya modellaridan foydalanib amalga oshirilgan tahlillar natijasida muhim xulosalar olingan.
Maqolada Oʻzbekiston Respublikasidagi mavjud tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari – eksportchi korxonalarga moliyaviy yordam koʻrsatish yoʻnalishlaridan xalqaro standartlarni joriy qilish va sertifikatlash, xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) roʻyxatdan oʻtkazish, savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish bilan bogʻliq chet eldagi xarajatlarni qoplab berish, koʻrgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish va mahalliy mahsulotlar va brendlar boʻyicha raqamli reklama boʻyicha ajratiladigan moliyaviy yordamlarning tahlilini amalga oshirish orqali taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqolada mehnat resurslari toʻgʻrisidagi olimlarning nazariy qarashlari, Oʻzbekiston Respublikasi doimiy aholisining hududlar boʻyicha taqsimlanishi, oʻsish tendensiyasi, mehnat resurslarining iqtisodiy faol va nofaol aholi boʻyicha taqsimlanishi, ularning mintaqalardagi oʻsish tendensiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha taqsimlanishi haqida fikr yuritiladi.
Mazkur maqola islom moliyasining nisbatan yangi instrumenti hisoblangan sukukning 2001-2022 yillardagi oʻzgarishlar dinamikasini Malayziya, Indoneziya va Turkiya misolida aks ettirishga bagʻishlangan. Unda sukukning turli tasniflariga koʻra turlari boʻyicha ham tahlillar amalga oshirilgan. Oʻtgan davr mobaynidagi oʻzgarishlar sabablarini oʻrgangan holda sharhlar berilgan. Sukukning shakllangan trendlari boʻyicha xulosalar keltirilgan. Tahlillardan Oʻzbekiston uchun taklif va xulosalar shakllantirilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish koʻrsatkichlari tahlil qilinadi. Tadqiqot muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishga erishish uchun qayta tiklanadigan energiya va raqamli transformatsiyaning dolzarbligi ortib borayotganini taʼkidlaydi. Tadqiqot 2014-yildan 2023-yilgacha boʻlgan milliy maʼlumotlarni baholovchi Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) asosida indeks tahlilini qoʻllaydi. Topilmalar masʼuliyatli isteʼmol va iqlim choralari boʻyicha sezilarli yutuqlarni koʻrsatadi, shu bilan birga, qashshoqlikni qisqartirish va sanoat innovatsiyalarida muammolar saqlanib qolmoqda. Barqarorlikni oshirish uchun Oʻzbekiston qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni kengaytirishi, chiqindilarni boshqarishni yaxshilashi va raqamli islohotlarni ragʻbatlantirishi kerak.
Ushbu maqolada zamonaviy bank mahsulotlarini mijozlar talabi asosida ishlab chiqish va ularning samaradorligini oshirish masalalari yoritilgan. Bank tizimida innovatsion texnologiyalar biometrik identifikatsiya, sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar (Big Data), narsalar interneti (IoT) va raqamli platformalarning joriy etilishi bank xizmatlari sifatini oshirish, xavfsizlikni ta’minlash va mijozlar ishonchini mustahkamlashdagi ahamiyati tahlil qilingan. Shuningdek, tijorat banklarining raqamli transformatsiyasi, innovatsion mahsulotlar yaratish va bozor talablariga mos strategiyalar ishlab chiqish zarurligi asoslab berilgan
O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim muassasalari moliyaviy menejmentning nazariy asoslarini chuqur o‘rganish-mamlakat ta’lim manzarasida xususiy ta’lim tashkilotlarining ro‘li oshib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak muhim hisoblanadi. Ushbu tadqiqotda moliyaviy menejmentning asosiy elementlari taqdim etilgan, hamda oliy ta’lim bilan bog‘liq nodavlat tashkilotlarda moliyaviy boshqaruvning amaliy, huquqiy va strukturaviy jihatlari haqida tushunchalar va ma’lumotlar berilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarini moliyalashtirishning asosiy mexanizmlari sanab o‘tilgan, hamda davlat va nodavlat institutlari oʻrtasidagi moliyaviy strategiyalarning qiyosiy tahlili natijasi taqdim etilgan. Yakuniy natijalar nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari (NOTT) moliyaviy barqarorlikka qanday erishishi va shu tariqa kengroq milliy rivojlanish maqsadlariga hissa qo‘shishi mumkinligini chuqurroq tushunish imkonini beradi.
Ushbu tadqiqotda milliy iqtisodiyotda Logistika industriyasi taʼminot zanjirlarida ortib borayotgan murakkabligi va korporativ boshqaruvninig kapital talabchanligi moliyaviy optimallashtirishning samarali vositalarini ishlab chiqish taʼkidlangan. Bugungu kun logistika sohasida faoliyat yurituvchi korporativ tuzilmalarda moliyalashtirish jarayonlarini optimallashtirish uchun moʻljallangan algoritmik yondashuvni baholash taklif etilgan. Ushbu algoritm moliyaviy oqimlarning oqilona taqsimlanishini taʼminlash uchun moliyaviy samaradorlik koʻrsatkichlari, risklarni baholash modellari va resurslarni taqsimlash mexanizmlarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqot boʻyicha natijalar shuni koʻrsatadiki, taklif etilgan algoritm iqtisodiy samaradorlik, likvidlikni baholash va investitsion moslashuvchanlikni oʻlchashda dinamik logistika muhiti bilan bogʻliq moliyaviy risklarni kamaytiradi.
Ushbu maqola Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mamlakatlarida dasturiy-maqsadli va natijaviy byudjetlashtirish amaliyotini o‘rganishga bag‘ishlangan. Turli davlatlar tomonidan byudjet jarayonining samaradorligi va shaffofligini oshirish uchun qo‘llanilayotgan yondashuvlar ko‘rib chiqiladi. Davlat dasturlarini shakllantirish, natijalarni baholash tizimi va boshqaruv qarorlarini qabul qilish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur mexanizmlarni amalga oshirishning ijobiy tajribalari va mavjud cheklovlar tahlil qilinadi. O‘tish davridagi iqtisodiyotga ega mamlakatlarda byudjet tizimini modernizatsiya qilish doirasida xorijiy tajribani moslashtirish muhimligi ta’kidlanadi