Mazkur maqolada jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqlarning turli mamlakatlardagi tizimi va undirish mexanizmlarining solishtirma tahlili keltirilgan. Soliq stavkalari, imtiyozlar, deklaratsiya tartiblari hamda to‘lov usullari bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning amaliy tajribalari tahlil qilinib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri yoritilgan. Shuningdek, progressiv va proporsional soliqlarning adolatli taqsimotga ta’siri hamda investitsion daromadlarga nisbatan soliqlarning o‘rni muhokama qilingan. O‘zbekiston soliq tizimini takomillashtirishda xorijiy tajribalardan foydalanishning istiqbollari asoslangan. Maqolada daromad solig‘ini yig‘ish mexanizmlarining samaradorligi va adolatlilik darajasi iqtisodiy barqarorlik va byudjetga tushumlar nuqtai nazaridan tahlil etilgan.
Mazkur maqolada xizmatlar bozorida innovatsion boshqaruvning iqtisodiy samaradorligini oshirish omillari tahlil qilinadi. Unda zamonaviy boshqaruv texnologiyalari, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va CRM tizimlarining xizmatlar sohasiga ta’siri yoritiladi. Innovatsion yondashuvlar orqali xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mijoz ehtiyojlariga tezkor javob berish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish masalalari asosiy e’tiborda bo‘ladi. Shuningdek, xorijiy tajriba va O‘zbekiston sharoitidagi amaliy muammolar tahlil qilinib, innovatsion boshqaruv samaradorligini ta’minlovchi asosiy ichki va tashqi omillar ko‘rsatib o‘tiladi. Maqola yakunida xizmatlar sohasida innovatsion boshqaruvni yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqola davlatning strategik yo‘nalishlari orqali yashil iqtisodiyotni rag‘batlantirish imkoniyatlarini o‘rganadi, bunda xalqaro tajribalar hamda O‘zbekistonning o‘ziga xos sharoitlariga alohida e’tibor qaratiladi. Jahon miqyosida SDX barqaror innovatsiyalarni rivojlantirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishda samarali vosita sifatida o‘zini oqlagan. Maqolada Yevropa Ittifoqi, OECD va BMT doirasidagi ilg‘or tajribalar tahlil qilinadi va ular O‘zbekistonning amaldagi xarid tizimi bilan solishtiriladi. Yashil siyosat yo‘nalishida qadamlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, SDXdan foydalangan holda barqaror rivojlanishga erishish hali ham cheklanganligicha qolmoqda. Maqola mavjud tizimdagi asosiy bo‘shliqlarni aniqlab, davlat xaridlarini yashil rivojlanish maqsadlariga moslashtirish uchun aniq va amalga oshiriladigan islohotlarni taklif etadi. SDXni samarali joriy etish orqali O‘zbekiston ekologik innovatsiyalarni jadallashtirishi, yashil yo‘nalishdagi kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashi, hamda Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) doirasidagi majburiyatlarini mustahkamlashi mumkin. Maqola ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy islohotlar, salohiyatni oshirish choralarini va moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish zarurligini ta’kidlaydi.
O‘zbekiston Respublikasida moliyaviy shaffoflikni oshirishga qaratilgan institutsional va huquqiy islohotlar tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda mamlakatda davlat moliyasining ochiqligini ta’minlash, byudjet jarayonida fuqarolik ishtirokini kuchaytirish, soliq va xarajatlar tizimini raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tadqiqotda ushbu islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, ularning samaradorligi, xalqaro standartlarga (masalan, IMF’ning fiskal shaffoflik mezonlari, PEFA indikatorlari) muvofiqligi baholanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston iqtisodiyotida taʼminot zanjirining taʼsiri va ahamiyati tahlil qilingan. Xususan, logistika tizimining milliy iqtisodiyotdagi oʻrni, uning rivojlanish tendensiyalari hamda mavjud muammolar va ularning yechimlari koʻrib chiqilgan. Taʼminot zanjiri infrastrukturasining zamonaviy holati, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari va xalqaro logistika tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar berilgan. Tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda taʼminot zanjiri samaradorligini oshirish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanish, transport infratuzilmasini takomillashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish zarur.
Ўзбекистонда баҳолаш хизматлари бозори (БХБ)нинг ривожланишида мустақил (холис) рейтинг баҳолаш институтлари (РБИ)нинг ролини ошириш иқтисодий шаффофлик, инвестицияларни жалб этиш ва корхоналарнинг глобал рақобатбардошлиги учун асосий омилдир. Мақолада Ўзбекистон Республикасининг баҳолаш соҳасидаги қонунчилик ишлари, РБИларининг мустақиллигини таъминлашнинг долзарб муаммолари, халқаро стандартларга (RICS, REV) мослаштириш зарурлиги, шунингдек, Давлат активларини бошқариш агентлигининг амалиётидаги баҳолаш тизимларининг натижадорлиги таҳлил қилинади. Янги баҳолаш мезонларининг жорий этилиши (KPI асосида) ва ҳудудларни ижтимоий-иқтисодий ривожлантиришда рейтинг тизимининг аҳамияти назарда тутилади. Тадқиқот натижаларига кўра, мустақил баҳолашнинг самарадорлигини ошириш учун кадрлар тайёрлаш, электрон ахборот платформаларини (БФЯАП) ривожлантириш ва халқаро тажрибалардан фойдаланиш таклиф этилади.
Ushbu tadqiqot inson resurslarini boshqarishda ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va tizimlashtirish jarayonlarini avtomatlashtirishning istiqbollarini o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqot doirasida inson resurslari boshqaruvining zamonaviy yondashuvlari, avtomatlashtirilgan tizimlarning ahamiyati va ularning samaradorlikka ta’siri tahlil qilindi.
Bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va analitik dasturlari kichik biznes boshqaruvida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular kichik biznes subyektlarining faoliyatini rivojalantirishda, samaradorlikni oshirish, xarajatlarni kamaytirish va qaror qabul qilish jarayonini optimallashtirishda yordam bermoqda. Maqolada kichik biznes subyektlari uchun moliyaviy boshqaruvni soddalashtirish va faoliyat samaradorligini oshirishda innovatsion raqamli texnologiyalarning ahamiyati, mohiyati, tadbiq etish mexanizmlari bayon qilingan. Innovatsion texnologiyalarni kichik biznes jarayonlariga joriy etish orqali tizimli boshqaruvga ega bo’lish shartlarining sintezi amalga oshirilgan. Kichik biznes subyektlarining innovatsion rivojlanishi, innovatsion muxiti, innovatsiyalarni qabul qilish salohiyati muxim omil sifatida ko’rib chiqilgan va asoslangan. Biznes jarayonlarini tezlashtirish, xarajatlarni kamaytirish va moliyaviy munosabatlarda aniqlik va shaffoflik darajalarini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan.