Ushbu maqolada O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorida agro-sanoat integratsiyasining iqtisodiy samaradorlikka ta’siri 13 ta hudud bo‘yicha shakllangan panel ma’lumotlar asosida ekonometrik usullar yordamida o‘rganilgan. Agro-sanoat integratsiyasini ifodalovchi asosiy indeks sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy hajmida fermer xo‘jaliklari, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarning ulushi qo‘llanilgan. Panel ma’lumotlar regressiyasi natijasida integratsiya ko‘rsatkichlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘sish sur’atiga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’siri aniqlangan. Tadqiqot natijalari agro-sanoat integratsiyasini institutsional jihatdan mustahkamlash orqali qishloq xo‘jaligi sektorining samaradorligini oshirish, fermerlar daromadini kengaytirish va qishloq aholisini bandlikka jalb etish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.