Mazkur maqolada platforma iqtisodiyoti sharoitida shakllanayotgan raqamli mehnat bozori va inson kapitali o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik nazariy va konseptual jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotda raqamli platformalar orqali tashkil etilayotgan mehnat munosabatlarining institutsional xususiyatlari, algoritmik boshqaruv mexanizmlari hamda inson kapitalidan foydalanishning yangi shakllari yoritilgan. Muallif raqamli mehnat bozorini an’anaviy mehnat munosabatlaridan tubdan farq qiluvchi mustaqil iqtisodiy institut sifatida talqin qilib, “cloud work”, “crowd work” va “gig work” segmentlari doirasida mehnatning fragmentatsiyalashuvi jarayonini asoslab beradi. Maqolada inson kapitalining raqamli iqtisodiyot sharoitida klassik ishlab chiqarish omilidan ma’lumot ishlab chiqaruvchi va platforma qiymatini oshiruvchi resursga aylanishi ko‘rsatib berilgan.