Ushbu maqolada riskni taqsimlab moliyalash modellari faoliyati bilan bog‘liq muammolar asosan islom moliyasi instrumentlari nuqtayi nazaridan o‘rganilgan. Riskni ko‘chirishga asoslangan moliya mexanizmlari kamchiliklari, riskni taqsimlashning yutuqlari keltirilgan. Shu bilan birga, riskni taqsimlab moliyalash bilan bog‘liq muammolarning asosiy sabablari, ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilingan. Jumladan, axborot asimmetriyasi, axloqiy xavf (moral hazard), noto‘g‘ri tanlov, prinsipal-agent muammolari, rag‘batlar tarkibidagi dolzarb kamchiliklar tahlil etilgan.
Ushbu maqolada islom moliya tashkilotlari faoliyati samaradorligining iqtisodiy mohiyati, uning zamonaviy moliya tizimidagi o‘rni hamda real sektorni moliyalashtirishdagi ahamiyati ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari — ribo, g‘arar va maysirning taqiqlanishi, real aktivlarga tayanish, foyda va zararlarni adolatli taqsimlash hamda moliyaviy operatsiyalarning shariat talablariga muvofiqligi yoritilgan. Shuningdek, islomiy moliyalashtirish vositalari hisoblangan mushoraka, mudoraba, murobaha, ijara, salam, istisno, sukuk, qarzi hasana va takoful kabi instrumentlarning iqtisodiy mazmuni, ishlash mexanizmi, risk va daromadlilik xususiyatlari ochib berilgan. Tadqiqotda islom moliya tashkilotlarining moliyaviy inklyuzivlikni kengaytirish, kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, investitsion loyihalarni moliyalashtirish hamda tizimli moliyaviy xatarlarni kamaytirishdagi roli asoslangan. Xalqaro AAOIFI va IFSB standartlari islom moliya institutlari faoliyatining huquqiy, buxgalteriya va prudensial asoslarini shakllantirishda muhim metodologik manba sifatida baholangan. Maqolada islom moliyaviy vositalarining samaradorligi ularning risklarni taqsimlash, aktiv bilan ta’minlanganlik, ijtimoiy mas’uliyat va barqaror iqtisodiy rivojlanishga xizmat qilish xususiyatlari orqali namoyon bo‘lishi ilmiy asoslangan.
Ушбу мақола ислом молия институтларида бухгалтерия ҳисобини юритишнинг ўзига хос жиҳатлари ҳамда савдо шартномаларидан бири бўлган муробаҳа шартномаси ҳисобини юритиш тартибини ёритиб беради. Муробаҳани молиялаштириш бўйича асосий фикрлар берилади, хужжатларда у билан боғлиқ операцияларни баёнига алоҳида тўхталади. Жумладан, муробаҳани ёритишда молия муассасаси томонидан танлаб олинган усулнинг ўзига хос жиҳатлари, шунингдек, ислом молия институтларида бухгалтерия ҳисобини юритиш тартиби, анъанавий ва ислом банкларида бухгалтерия ҳисобини юритишдаги ўхшашлик ва фарқли жиҳатлари муҳокама қилинади. Хулосада муробаҳа савдо шартномасини амалга ошириш ҳисоби бўйича асосий фикрлар тақдим этилади.