Mazkur maqolada Oʻzbekistonda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish jarayonida natijaga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish tizimining oʻrni va ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda amaldagi normativ-huquqiy baza asosida budjet dasturlarini shakllantirish, monitoring qilish va baholash mexanizmlari oʻrganilib, ularning samaradorlikka taʼsiri baholanadi. Shu asosda budjet dasturlarining natijadorligini oshirish, monitoring va baholash tizimini takomillashtirish hamda natijaga yoʻnaltirilgan budjetlashtirishni bosqichma-bosqich rivojlantirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi.
Ushbu tadqiqotda Oʻzbekiston Respublikasida aholining ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimi statistik tahlil asosida oʻrganildi. Mamlakatda ijtimoiy himoya siyosati aholining turmush darajasini yaxshilash, bandlikni oshirish va kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan boʻlib, uning samaradorligini baholashda rasmiy statistik maʼlumotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Moliya vazirligi, BMT va Jahon banki tomonidan taqdim etilgan ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda deskriptiv va dinamik tahlil metodlari qoʻllanildi.
Ushbu tadqiqot Oʻzbekiston Respublikasida 2019-yildan joriy etilgan vakolatli iqtisodiy operator (VIO) institutining muhim moliyaviy imtiyozlaridan biri – bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash mexanizmidan foydalanish dinamikasini empirik jihatdan oʻrganadi. 2021-2025-yillar davomida 96 ta VIO maqomiga ega (faol) korxonaning bojxona yuk deklaratsiyalaridagi ma’lumotlari asosida oʻtkazilgan tahlil shuni koʻrsatdiki, kechiktirib toʻlangan bojxona toʻlovlari summasi ulushi 2021-yildagi 9,95 foizdan 2023-yilga kelib 33,66 foizgacha oʻsdi, soʻngra 2025-yilda 24,51 foizda barqarorlashdi. Toifaviy kesimda yaqqol tafovut aniqlandi: I toifali firmalar 9,9%, yuqori toifali firmalar (I va II, II, III toifalar) esa 28,9% ulushda kechiktirib toʻlash imtiyozidan foydalanmoqda. Tadqiqot VIO maqomining vaqt va yoʻlak samarasi bilan bir qatorda muhim moliyaviy kapital boshqaruvi vositasi ekanini empirik jihatdan asoslaydi hamda VIO institutining amaliy samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq takliflarni ilgari suradi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda rangli metallurgiya sanoatida loyiha boshqaruvi mexanizmlarining ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda loyihalarni samarali boshqarishning asosiy instrumentlari, ularning sanoat rivojiga ta’siri, hamda amaliy misollar orqali ularning samaradorligi ko‘rib chiqiladi. Maqolada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati misolida loyiha boshqaruvining amaldagi jihatlari va natijalari ham tahlil etilgan. Taqdim etilgan taklif va tavsiyalar rangli metallurgiya sohasidagi loyiha faoliyatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada Rossiya Federatsiyasining moliyaviy savodxonlik dasturlari tahlil qilinib, ularni O‘zbekiston sharoitlariga moslashtirish yo‘llari o‘rganiladi. Moliyaviy savodxonlik aholining iqtisodiy barqarorligi va farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan holda, tadqiqotda davlat va xususiy sektor hamkorligi, ta’lim muassasalarida maxsus kurslar va malaka oshirishlar tashkil etish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarurligi qayd etilgan. Rossiya Federatsiyasi tajribasi asosida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston maktab ta’limi tizimida moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan amaliy dasturlarni shakllantirishda katta ahamiyatga ega.
Maqolada O‘zbekistonda takoful – islom sug‘urtasining joriy etilishi va rivojlanishi, islom moliyasining mohiyati va uning zamonaviy moliyaviy vositalariga ilmiy yondashuvlarni tadqiq etish, shuningdek, takafulning ishlash mexanizmi va tipologiyasining ilmiy asoslarini ochib berish; Takofulning sug‘urta bozorida iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmuni va uning o‘rni, sug‘urta bozorida takofulning rivojlanishi va hozirgi holatiga baho berish haqidagi ilmiy-nazariy qarashlar yoritilgan.