To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI) mamlakat iqtisodiy o‘sishi va rivojlanishining muhim omillaridan biridir. Mintaqaviy darajada to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar mamlakatning alohida hududlari iqtisodiyotiga xorijiy kapitalning uzoq muddatli qo‘yilmalari bo‘lib, yangi korxonalar tashkil etish, mavjud ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, shuningdek mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirish hamda hududning investitsion faolligini oshirishga qaratilgan. Mazkur maqolada to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishda hududlar o‘rtasidagi farqlarni belgilovchi omillar va ko‘rsatkichlar tadqiq etiladi. Turli mintaqalarda investitsion faollik darajasiga iqtisodiy, institutional, infratuzilma va ijtimoiy-demografik sharoitlarning ta’siri ko‘rib chiqiladi.