Maqolada hududlarda rag‘batlantiruvchi soliq imtiyozlari samaradorligini baholashning mavjud metodikalari tahlil qilinib, ularning afzalliklari va kamchiliklari aniqlangan. Rag‘batlantiruvchi soliq imtiyozlari samaradorligini baholash budjet daromadlaridagi yo‘qotishlar bilan davlat va soliq to‘lovchilar uchun yuzaga keladigan iqtisodiy foydalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqlashga, shuningdek imtiyozni uzaytirish, tuzatish yoki bekor qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilishga yo‘naltirilganligi asoslab berilgan. Soliq imtiyozlari samaradorligini baholash byudjet, iqtisodiy va ijtimoiy mezonlar asosida amalga oshirilishi hamda baholash jarayoni bosqichma-bosqich olib borilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, integral koeffitsiyentga asoslangan va asosiy samaradorlik mezonlarini qamrab oluvchi baholash metodikasi taklif etilib, u mahalliy darajada soliq imtiyozlarining budjet, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini kompleks baholash hamda asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beradi.
Mazkur maqolada pensiya ta’minoti va majburiy pensiya sug‘urtasining zamonaviy davlatlarning ijtimoiy himoya tizimidagi o‘rni hamda ularning barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi ahamiyati yoritilgan. Tadqiqotda Germaniya, Italiya va AQSh pensiya tizimlari misolida majburiy, korporativ va xususiy pensiya ta’minoti darajalari, ularning moliyalashtirish manbalari, ishtirokchilar doirasi hamda funksional xususiyatlari qiyosiy tahlil qilindi. Shuningdek, davlatning pensiya tizimidagi tartibga soluvchi roli, avlodlar birdamligi tamoyili, jamg‘arib boriladigan pensiya mexanizmlarining ahamiyati va aholi qarish jarayonining pensiya tizimiga ta’siri ko‘rsatib berildi. Maqolada pensiya yoshi, minimal sug‘urta staji, badallar miqdori kabi mezonlar bo‘yicha ayrim xorijiy mamlakatlar tajribasi solishtirildi. O‘zbekiston pensiya tizimining hozirgi holati, demografik o‘zgarishlar sharoitida uning moliyaviy barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar, majburiy pensiya sug‘urtasini takomillashtirish zarurati va islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari asoslab berildi. Xulosa qismida xalqaro tajribani milliy sharoitga moslashtirgan holda pensiyaning jamg‘ariladigan qismini rivojlantirish, aktuariy baholashni kuchaytirish, majburiy va ixtiyoriy pensiya mexanizmlarining uyg‘unlashuvi pensiya tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada temir yo‘l transport tizimining iqtisodiy samaradorligi tushunchasi va uning nazariy asoslari batafsil yoritilgan. Transport xizmatlarining iqtisodiy samaradorligi transport resurslaridan oqilona foydalanish va milliy iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatish qobiliyatini ifodalaydi. Ushbu maqolada xalqaro va mahalliy tajribalarning muhim jihatlari ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, iqtisodiy samaradorlikni baholash uchun qo‘llaniladigan asosiy ko‘rsatkichlar va mezonlar aniqlangan. Tadqiqot natijalari temir yo‘l transport tizimini rivojlantirishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Maqolada iqtisodiy samaradorlik tushunchasi va uni baholashning zamonaviy yondashuvlari tahlil qilingan.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston eksportini rivojlantirish strategiyalarini baholash va ustuvorligini aniqlash uchun Analitik ierarxiya jarayonini (AHP) qo‘llaydi. Metodologiyada Prezident tomonidan belgilab berilgan milliy strategik ustuvorliklar, davlat dasturlari, shuningdek, iqtisodchi ekspertlar va yuqori mansabdor shaxslarning fikrlari inobatga olingan. Shu asosda mezonlar va vaznlar shakllantiriladi. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish yetakchi strategiya bo‘lib, bu davlat siyosati uchun muhim ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada Qoraqalpog‘iston Respublikasining 20 yil davr oralig‘idagi vafot etganlar mutlaq va nisbiy ko‘rsatkichlari dinamikasi ko‘rib chiqilgan, ushbu ko‘rsatkichlarning shahar va qishloqlardagi holati taqqoslangan. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman shaharlar kesimida o‘lim koeffitsienti o‘zaro solishtirish orqali tahlil qilinib, xalqaro mezonlar asosida tuman shaharlar ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilgan va vafot etganlarning o‘lim sabablari tahlil qilingan. Shu bilan bir qatorda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida go‘daklar o‘limi dinamikasi ko‘rib chiqilib, yillar kesimida hamda 1 yoshgacha vafot etganlarning o‘lim sabablari bo‘yicha tahlillar amalga oshirilgan. Qoraqalpog’iston Respublikasida tug’ilishda kutilayotgan umr davomiyligi ko’rsatkichi so’nggi yillardagi tendentsiyasi yillar kesimida o’zaro taqqoslanib tahlil qilingan va barcha tahlillar asosida xulosa va takliflar keltrilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan har bir rahbar va xodim faoliyatining samarali bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratilib, davlat xizmatchisi ishini ana shu tamoyillar asosida tashkil etishi zarurligi yoritilgan.
Iqtisodiyot va jamiyatning raqamli transformatsiyasi dinamikasi, raqamli rivojlanishning ko‘p qirraliligi va ko‘rsatkichlarining ko‘pligi, ularning iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlari bo‘yicha sezilarli darajada farqlanishi raqamli rivojlanishni integral baholash usullarini ishlab chiqish zarurligini taqozo etmoqda. Maqolada raqamli iqtisodiyotni shakllantirish qonuniyatlarini o‘rganish asosida raqamli rivojlanish bosqichlari, maqsadli mezonlar hamda iqtisodiyot va jamiyatni raqamlashtirish bosqichlari uchun integral, umumlashtiruvchi va qisman ko‘rsatkichlar tizimi belgilab berildi. Raqamli rivojlanish holatining integral koeffitsienti haqiqiy ko‘rsatkichlarning normallashtirilgan qiymatlari asosida qo‘shimcha model yordamida hisoblanadi. Raqamli rivojlanish potentsialini baholash uchun xususiy ko‘rsatkichlarning potensial qiymatlaridan foydalaniladi.