Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish istiqbollari ilmiy-nazariy va empirik jihatdan tahlil qilinadi. 2025-yil 9-dekabrdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-1101-sonli Qonun asosida 2026-yildan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi va keyinchalik ishsizlik nafaqasi kabi ijtimoiy xatarlarni qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda. Maqolada mavjud pensiya tizimining cheklovlari, yangi tizimning iqtisodiy-sotsial samaradorligi, demografik bosim va moliyaviy barqarorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Empirik tahlil uchun Davlat statistika agentligi, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlari asosida jadvallar va grafiklar keltirilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy sug‘urta tizimi rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, kambag‘allik xavfini kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi, ammo informal sektor va demografik qarish kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish zarur.