Ushbu maqolada Jahon banki ma’lumotlari va Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksining qiyosiy tahlili yordamida Markaziy Osiyodagi monetar va ko‘p o‘lchovli kambag‘allik dinamikasi o‘rganilgan. Tadqiqotda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistondagi mavjud kambag‘allikni pasaytirish modellari tahlil qilingan, bu sohadagi yutuqlar va tarkibiy to‘siqlar ko‘rsatilgan. Iqtisodiy o‘sish, mehnat daromadlari, pul o‘tkazmalari va ijtimoiy transfertlar tufayli monetar kambag‘alligining sezilarli darajada kamayishiga qaramay, ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indekslari turmush darajasi va asosiy xizmatlardan foydalanishdagi doimiy kamchiliklarni ko‘rsatadi. Natijalar mamlakatlararo sezilarli o‘zgaruvchanlikni ko‘rsatadi va daromadlarning oshishini inson kapitali va ijtimoiy infratuzilmaga investitsiyalar bilan birlashtirgan muvofiqlashtirilgan kambag‘allikka qarshi siyosat zarurligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada kambag‘allik darajasini baholashning mavjud metodologiyalari ilmiy jihatdan tahlil qilinib, ularning afzalliklari va cheklovlari o‘rganilgan. Tahlillar natijasida ma’lum bo‘ldiki, amaldagi yondashuvlar mahalla darajasida ma’lumot yig‘ishning murakkabligi, norasmiy daromadlarni aniqlashdagi qiyinchiliklar hamda rasmiy statistik raqamlarga haddan tashqari tayanish kabi kamchiliklarga egaligi bois, muallif tomonidan iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarni uyg‘unlashtirgan, empirik dalillarga asoslangan mukammallashtirilgan yangi metodologiya taklif etilgan.
Mazkur maqola kambag‘allik muammosining global va mintaqaviy tahliliga hamda uni bartaraf etish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi va O‘zbekiston strategiyalariga bag‘ishlangan. Maqolada Oksford Kambag‘allikka qarshi kurashish va inson taraqqiyotini rivojlantirish tashabbusi (OPHI)ning "Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi 2024" hisoboti tahlil qilingan bo‘lib, unda dunyo bo‘ylab 1,1 mlrd. aholi keskin kambag‘allikda yashayotgani, ularning katta qismi qishloq joylariga va Sahroyi Kabir hamda Janubiy Osiyo mintaqalariga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, kambag‘allikni kamaytirishning samarali strategiyalari (Janubiy Koreya, Xitoy, Braziliya, Norvegiya) ko‘rib chiqilgan va bunda inson kapitaliga sarmoya kiritish hamda ijtimoiy dasturlarni iqtisodiy o‘sish bilan uyg‘unlashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Maqolada ko‘p o‘lchamli kambag‘allik (MPI), uni aniqlash metodikasi, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi mavjud holati tahlil etilgan. Kelgusida mamlakatda statistik ma’lumotlar, iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar, MPIni joriy etish imkoniyatlari bo‘yicha xulosalar berilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish istiqbollari ilmiy-nazariy va empirik jihatdan tahlil qilinadi. 2025-yil 9-dekabrdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-1101-sonli Qonun asosida 2026-yildan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi va keyinchalik ishsizlik nafaqasi kabi ijtimoiy xatarlarni qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda. Maqolada mavjud pensiya tizimining cheklovlari, yangi tizimning iqtisodiy-sotsial samaradorligi, demografik bosim va moliyaviy barqarorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Empirik tahlil uchun Davlat statistika agentligi, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlari asosida jadvallar va grafiklar keltirilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy sug‘urta tizimi rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, kambag‘allik xavfini kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi, ammo informal sektor va demografik qarish kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish zarur.
Maqolada inson kapitalini rivojlantirishning kambag‘allikni kamaytirishdagi o‘rni ilmiy asosda yoritilgan. Ta’lim sifati, sog‘liqni saqlash tizimi va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda inson omilining ahamiyati ochib berilgan. Tadqiqot davomida inson kapitaliga yo‘naltirilgan siyosatning samaradorligi asoslab berilib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.