Ushbu maqolada kambag‘allik darajasini baholashning mavjud metodologiyalari ilmiy jihatdan tahlil qilinib, ularning afzalliklari va cheklovlari o‘rganilgan. Tahlillar natijasida ma’lum bo‘ldiki, amaldagi yondashuvlar mahalla darajasida ma’lumot yig‘ishning murakkabligi, norasmiy daromadlarni aniqlashdagi qiyinchiliklar hamda rasmiy statistik raqamlarga haddan tashqari tayanish kabi kamchiliklarga egaligi bois, muallif tomonidan iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarni uyg‘unlashtirgan, empirik dalillarga asoslangan mukammallashtirilgan yangi metodologiya taklif etilgan.
Mazkur maqola kambag‘allik muammosining global va mintaqaviy tahliliga hamda uni bartaraf etish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi va O‘zbekiston strategiyalariga bag‘ishlangan. Maqolada Oksford Kambag‘allikka qarshi kurashish va inson taraqqiyotini rivojlantirish tashabbusi (OPHI)ning "Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi 2024" hisoboti tahlil qilingan bo‘lib, unda dunyo bo‘ylab 1,1 mlrd. aholi keskin kambag‘allikda yashayotgani, ularning katta qismi qishloq joylariga va Sahroyi Kabir hamda Janubiy Osiyo mintaqalariga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, kambag‘allikni kamaytirishning samarali strategiyalari (Janubiy Koreya, Xitoy, Braziliya, Norvegiya) ko‘rib chiqilgan va bunda inson kapitaliga sarmoya kiritish hamda ijtimoiy dasturlarni iqtisodiy o‘sish bilan uyg‘unlashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Maqolada ko‘p o‘lchamli kambag‘allik (MPI), uni aniqlash metodikasi, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi mavjud holati tahlil etilgan. Kelgusida mamlakatda statistik ma’lumotlar, iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar, MPIni joriy etish imkoniyatlari bo‘yicha xulosalar berilgan.