Mazkur maqola doirasida O‘zbekiston byudjet tashkilotlarida moliyaviy nazoratni yo‘lga qo‘yish, byudjet resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va moliyaviy audit xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.O‘zbekiston Respublikasining 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasidan kelib chiqib, ushbu ilmiy tadqiqot ishida davlat moliyasi tizimini isloh qilish, byudjet xarajatlaridan samarali foydalanish tamoyillariga rioya qilish, fiskal javobgarlik va hisobdorlikni kuchaytirish, byudjetning ochiqligini ta’minlash hamda fiskal risklarni boshqarish masalalariga katta e’tibor qaratilgan.
Zamonaviy moliya fani fiskal siyosatning ijtimoiy rivojlanishga ta’sirini oʻrganishga katta e’tibor beradi. Byudjet siyosatini shakllantirish va amalga oshirish boʻyicha qarorlarni sifatli va oʻz vaqtida qabul qilish davlat moliyasi balansiga, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni davlat tomonidan tartibga solish samaradorligi darajasiga ta’sir qiladi. Byudjet siyosati davlat moliya tizimidagi moliyaviy-iqtisodiy oʻzgarishlarning samaradorligiga ta’sir qiladi, iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurishni moliyalashtirishni ta’minlaydi, uning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirishni ragʻbatlantiradi, ishlab chiqarishni jadallashtirish va jamiyatning rivojlanish darajasini tezlashtiradi.