Ushbu tadqiqot Oʻzbekiston Respublikasida 2019-yildan joriy etilgan vakolatli iqtisodiy operator (VIO) institutining muhim moliyaviy imtiyozlaridan biri – bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash mexanizmidan foydalanish dinamikasini empirik jihatdan oʻrganadi. 2021-2025-yillar davomida 96 ta VIO maqomiga ega (faol) korxonaning bojxona yuk deklaratsiyalaridagi ma’lumotlari asosida oʻtkazilgan tahlil shuni koʻrsatdiki, kechiktirib toʻlangan bojxona toʻlovlari summasi ulushi 2021-yildagi 9,95 foizdan 2023-yilga kelib 33,66 foizgacha oʻsdi, soʻngra 2025-yilda 24,51 foizda barqarorlashdi. Toifaviy kesimda yaqqol tafovut aniqlandi: I toifali firmalar 9,9%, yuqori toifali firmalar (I va II, II, III toifalar) esa 28,9% ulushda kechiktirib toʻlash imtiyozidan foydalanmoqda. Tadqiqot VIO maqomining vaqt va yoʻlak samarasi bilan bir qatorda muhim moliyaviy kapital boshqaruvi vositasi ekanini empirik jihatdan asoslaydi hamda VIO institutining amaliy samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq takliflarni ilgari suradi.