Ushbu maqolada an’anaviy va islomiy banklar faoliyatining integratsiyasi jarayonlari, ularning global moliya bozoriga ta’siri va ushbu sohadagi imkoniyatlar hamda muammolar o‘rganiladi. Tadqiqotda an’anaviy banklar tarkibida “Islom darchalari”ni tashkil etishning iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli va moliya bozorini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ushbu integratsiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda bank tizimi barqarorligi va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi ahamiyati empirik va nazariy yondashuvlar asosida yoritiladi. Maqola xalqaro moliyaviy hamkorlik va islomiy moliyaning jahon moliya bozorida o‘rnini mustahkamlash istiqbollarini ochib beradi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Mazkur maqolada alternativ moliya tizimini an’anaviy moliya tizimiga integratsiyalash orqali dualistik moliya tizimida ishlovchi Malaziya, Indoneziya va Bangladesh kabi mamlakatlarning moliya bozori joriy holati tahlili qilinadi. Jumladan, ushbu maqolada asosiy e’tibor Malaziya, Indoneziya va Bangladeshning islomiy va an’anaviy banklarining mamlakat moliya bozoridagi ishtirokining qiyosiy tahliliga qaratilgan bo‘lib, bunda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sektorini moliyalashtirish holati, investitsiyalar jalb qilish va boshqa xizmat ko‘rsatish faoliyati turlarining holati tadqiq etiladi. Ushbu tadqiqotni olib borishda asosan miqdoriy yondashuvdan foydalanilgan.
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozoridagi zaruriy infratuzilma va imkoniyatlardan kelib chiqib, mavjud alternativ moliya elementlarini hisobga olgan holda mamlakatda alternativ moliya ekotizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish modelini ishlab chiqishga qaratilgan. Ushbu maqsadga erishishda sifat yondashuvidan keng foydalanilgan. Natijada, mamlakatda alternativ moliya ekotizimini rivojlantirishda institutsional asoslarni ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash siyosati va islom moliyasi bo‘yicha xabardorlikni oshirish, islom kapital bozori instrumentlarini tatbiq etish, rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yo‘nalish va amalga oshirish bosqichlari ishlab chiqilgan.
Ushbu maqola islomiy qimmatli qog‘ozlarni O‘zbekiston moliya bozoriga joriy etish imkoniyatlari va muammolari o‘rganildi. Shariat tamoyillariga mos keladigan islomiy qimmatli qog‘ozlar an’anaviy moliyaviy vositalarga muqobil bo‘lib, turli jahon bozorlarida muvaffaqiyatli joriy etilgan. Ushbu tadqiqot mamlakatning o‘ziga xos iqtisodiy, madaniy va tartibga solish muhitini hisobga olgan holda O‘zbekistonda bunday amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi tahlil qilinadi. Tadqiqot ishida mavjud me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish va moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish muhimligini ta’kidlanadi. Mavjud muammolarni hal qilish orqali O‘zbekiston islomiy qimmatli qog‘ozlarni joriy etishdan foyda ko‘rishi mumkin, bu esa yanada inklyuziv va diversifikatsiyalangan moliya bozoriga olib keladi
Moliya tizimini mamlakat miqyosida raqamlashtirish hamda takomillashtirish va moliya tizimini rivojlantirishda bozor konyukturasini takomillashtirib borish doimo muhim ahamiyat kasb etib kelgan. 2008-yildan so’ngra ushbu ko’lamni yanada takomillashtirish avj oldi. Ushbu maqolada islom moliyasi hamda xulq atvor moliyasi to’g’risida ko’plab iqtisodchi olimlarning yondashuvlari hamda umumiy xulosa keng yoritilib berilgan.
Islom moliya tizimida uning ajralmas bir qismi bo'lmish sukuk moliyalashtirish manbai aktivlarga asoslanganligi sababli an’anaviy qimmatli qog‘ozlar bozori qatorida o'zining raqobatbardoshligini koʻrsatib kelmoqda. Mazkur maqolada islom qimmatli qog'ozlari (sukuk)ning tarixi, rivojlanish tendensiyalari, davlatlar miqyosida uni chiqarish bo'yicha yo'l-yo'riqlar kabi bir qator masalalarga bag'ishlangan tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari ko'rib chiqilgan. Tahlillar jamlanib, maqola so'nggida bir necha qo'shimcha takliflar berilgan.