O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi iqtisodiy salohiyatining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, respublikaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Biroq, ekologik va iqtisodiy muammolar ushbu sohaning yanada rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq ho‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.