Maqolada qishloq xo‘jaligi moliyalashtirishdagi muammolar va yechimlar boʻyicha dunyoning yetakchi olimlari fikrlari oʻrganilgan, qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishdagi mavjud muammolar va yechimlari tavsiflangan, qishloq xo‘jaligi rivojlangan mamlakatlar TOP 7 ligining qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishda muammolari va ularning yechimlari tahlil qilingan hamda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi moliyalashtirishdagi muammolarni yechish bo‘yicha asoslantirilgan xulosa va takliflar berilgan.
Mazkur maqolada qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishda byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini integratsiyalash orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektori misolida davlat byudjeti subsidiyalari, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi va tijorat banklari kreditlashining o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga keladigan sinergetik samarani baholashdir. Metodologik asos sifatida ilmiy-adabiy manbalar tahlili, korrelatsion va regressiya tahlili, sug‘urta hisoblash modeli, kredit xavfi tahlili hamda fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksini baholash usullaridan foydalanildi. IMF, FAO, Jahon banki, OECD va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekistonning rasmiy statistik ma’lumotlari asosida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Tadqiqot natijalari davlat agrar xarajatlari ulushi oshishi qishloq xo‘jaligi o‘sishining o‘zgaruvchanligini kamaytirishini, sug‘urta qamrovi kengayishi agrar kreditlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashini, sug‘urtalangan kreditlarda defolt ehtimoli sezilarli darajada pasayishini ko‘rsatdi. Fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksining pastligi O‘zbekistonda agrar kapital ta’minotini kuchaytirish zarurligini tasdiqlaydi. Mualliflar byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini kompleks integratsiyalash agrar sektor moliyaviy barqarorligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishi ekanini asoslaydi va agrar siyosat uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqadi.
Mazkur maqolada Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish uchun investitsiyalar, kredit va moliyaviy resurslarni jalb etish holati tahlil qilinadi. Xususan, moliyalashtirishdagi asosiy muammolar, garov taʼminoti, infratuzilma yetishmovchiligi va huquqiy toʻsiqlar koʻrib chiqiladi. Shuningdek, ekologik jihatlar, barqaror turizm, yashil texnologiyalar va ekoturizm imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Deskriptiv, komparativ, ekologik va SWOT tahlillar asosida asosiy muammolar, imkoniyatlar hamda barqaror turizm rivoji uchun strategik takliflar ishlab chiqilgan.