Mazkur maqolada qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishda byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini integratsiyalash orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektori misolida davlat byudjeti subsidiyalari, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi va tijorat banklari kreditlashining o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga keladigan sinergetik samarani baholashdir. Metodologik asos sifatida ilmiy-adabiy manbalar tahlili, korrelatsion va regressiya tahlili, sug‘urta hisoblash modeli, kredit xavfi tahlili hamda fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksini baholash usullaridan foydalanildi. IMF, FAO, Jahon banki, OECD va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekistonning rasmiy statistik ma’lumotlari asosida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Tadqiqot natijalari davlat agrar xarajatlari ulushi oshishi qishloq xo‘jaligi o‘sishining o‘zgaruvchanligini kamaytirishini, sug‘urta qamrovi kengayishi agrar kreditlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashini, sug‘urtalangan kreditlarda defolt ehtimoli sezilarli darajada pasayishini ko‘rsatdi. Fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksining pastligi O‘zbekistonda agrar kapital ta’minotini kuchaytirish zarurligini tasdiqlaydi. Mualliflar byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini kompleks integratsiyalash agrar sektor moliyaviy barqarorligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishi ekanini asoslaydi va agrar siyosat uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqadi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarining iqtisodiy salohiyatini oshirish, sohada yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali mamlakat sanoatini xomashyo, aholini sifatli oziq - ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada qishloq xo‘jaligi korxonalari iqtisodiy salohiyatini tahlil qilish uslubiyoti tahlil qilinadi.