Maqolada O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (PPP) mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va ularni milliy sharoitga moslashtirish imkoniyatlari chuqur tahlil qilingan. Xususan, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Kanada, Avstraliya, Singapur, Malayziya, Hindiston, BAA va Janubiy Koreya tajribasi asosida ularning afzalliklari, kamchiliklari, risklarni boshqarish mexanizmlari va institutsional asoslari ko‘rib chiqilgan. Maqola davomida O‘zbekiston sharoitida PPP loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, mavjud imkoniyatlar, moliyaviy va huquqiy asoslar chuqur tahlil qilinib, PESTEL va SWOT tahlillar keltirilgan. Shuningdek, maqolada statistik ma’lumotlar asosida turizm sohasida investitsiya hajmlari, ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini oshirishga PPPning ta’siri yoritilgan. Natijada, davlat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlik uchun 10 ta aniq taklif ishlab chiqilgan.
Mazkur tadqiqot davlat korxonalarini (SOEs) boshlang‘ich ommaviy takliflar (IPO) va ikkilamchi ommaviy takliflar (SPO) orqali xususiylashtirish masalasini, ayniqsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan kapital bozori doirasida o‘rganadi. Koreya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi davlatlarning tajribasiga tayanilgan holda, ushbu maqola davlat korxonalarining fond bozoriga chiqarilishi orqali korporativ boshqaruvni takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, oshkoralikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Maqolada O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, investorlar bazasining zaifligi, listing infratuzilmasining yetarli emasligi, hamda oshkoralik va korporativ boshqaruvdagi muammolar tahlil qilinadi. Hukumat tomonidan yirik SOE’larning IPO orqali xususiylashtirilishi bo‘yicha jiddiy tashabbuslar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, institut sarmoyadorlarning kamligi, underwriterlar faoliyatining zaifligi va aholining fond bozori haqida yetarli bilimga ega emasligi kabi tizimli to‘siqlar mavjud. Tadqiqot bosqichma-bosqich IPO joriy etish, investitsion banklar salohiyatini oshirish, oshkoralik tizimini kuchaytirish va aholining aksiyalarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi. Ushbu xulosalar O‘zbekistonning davlatga asoslangan iqtisodiyotdan bozor mexanizmlariga asoslangan tizimga o‘tishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Sayyoramizda aholi soni shiddat bilan o‘sib borayotgan bir vaqtda insonlar oziq – ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi tobora ortib bormoqda. Ko‘plab boshqa birlamchi iste’mol mahsulotlari kabi sut ishlab chiqarish va sutchilik tarmog‘ini rivojlantirish ham bugungi kunda har bir mamlakatda muhim ahamiyat kasb etadi. Biz ushbu maqolamizda sut chorvachiligi va unda tadbirkorlikni rivojlantirishda xorij tajribalaridan samarali foydalanish to‘g‘risida fikr yuritdik. Bunda aynan sut chorvachiligida kichik tadbirkorlikni rivojlantirishning o‘rni mamlakatimiz uchun ahamiyatlidir. Sababi mamlakatimizda yetishtiriladigan sutning 90 % atrofidagi ulushi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari ulushiga to‘g‘ri keladi.