Mazkur maqolada aholiga aloqa xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalasi institutsional va iqtisodiy nuqtayi nazardan tadqiq etiladi. Tadqiqot davomida aloqa xizmatlari bozorining rivojlanishiga ta’sir etuvchi boshqaruv mexanizmlari, tartibga solish instrumentlari hamda xizmatlar samaradorligini belgilovchi omillar nazariy jihatdan asoslab berildi. Empirik tahlil doirasida rasmiy statistika ma’lumotlari asosida xizmatlar qamrovi, foydalanish intensivligi va hududiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik o‘rganildi. Olingan natijalar aloqa xizmatlari tizimining barqaror rivojlanishi samarali institutsional muhit bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatdi. Maqolada sohani boshqarishda davlat tartibga solish siyosati, investitsiya muvozanati va raqobat sharoitlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan institutsional takomillashtirish modeli taklif etildi. Tadqiqot yakunlari aloqa xizmatlari tizimini rivojlantirish va boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy qarorlar ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.