Ushbu maqolada raqamlashtirishning institutsional rivojlanishdagi nazariy modellari hamda ularning moliya tizimidagi ahamiyati tahlil qilingan. Ilmiy manbalar va xalqaro tajribalar asosida raqamli texnologiyalar davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi munosabatlarda shaffoflikni oshirish, hisobdorlikni taʼminlash, tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish va iqtisodiy samaradorlikni yuksaltirishdagi oʻrni yoritilgan. Texnologiyani qabul qilish modeli, innovatsiyalar tarqalishi nazariyasi va institutsional nazariya asosida raqamli yechimlarni joriy etish jarayoni tahlil etilgan. Shu bilan birga, raqamlashtirishning milliy sharoitdagi qiyinchiliklari infratuzilmaning yetarli emasligi, kichik va oʻrta biznes uchun ragʻbatlantirish mexanizmlarining zaifligi hamda kiberxavfsizlik muammolari koʻrsatib berilgan. Muallifning xulosalariga koʻra, raqamli texnologiyalarni institutsional islohotlar va xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish Oʻzbekiston moliya tizimining barqarorligi va jamiyatda ishonchni mustahkamlashning asosiy omillaridan hisoblanadi.