Ushbu maqolada O‘zbekistonda turizm xizmatlarini boshqarish tizimini modernizatsiya qilishning zaruriyati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali strategik yo‘nalishlar ilmiy asosda tahlil qilindi. Tadqiqot davomida statistika, komparativ tahlil, TOWS yondashuvi, kontent tahlili kabi metodlardan foydalanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, sohada institutsional nomuvofiqliklar, raqamli boshqaruvning sustligi, hududlar bo‘yicha xizmatlar sifati notekisligi, kadrlar malakasining pastligi va marketing siyosatining yetarli emasligi hali ham dolzarbdir. Shuningdek, smart-turizm, raqamli platformalar, xalqaro standartlar asosida xizmat sifati boshqaruvi va mahalliy aholi ishtirokini kengaytirish kabi yo‘nalishlar sektorni modernizatsiya qilishda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Mazkur maqola O‘zbekistonda turizm boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha kompleks yechimlar taklif etadi va amaliy qarorlar qabul qilishda foydali ilmiy manba vazifasini bajaradi.