Ushbu maqolada O‘zbekistonda turizm xizmatlarini boshqarish tizimini modernizatsiya qilishning zaruriyati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali strategik yo‘nalishlar ilmiy asosda tahlil qilindi. Tadqiqot davomida statistika, komparativ tahlil, TOWS yondashuvi, kontent tahlili kabi metodlardan foydalanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, sohada institutsional nomuvofiqliklar, raqamli boshqaruvning sustligi, hududlar bo‘yicha xizmatlar sifati notekisligi, kadrlar malakasining pastligi va marketing siyosatining yetarli emasligi hali ham dolzarbdir. Shuningdek, smart-turizm, raqamli platformalar, xalqaro standartlar asosida xizmat sifati boshqaruvi va mahalliy aholi ishtirokini kengaytirish kabi yo‘nalishlar sektorni modernizatsiya qilishda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Mazkur maqola O‘zbekistonda turizm boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha kompleks yechimlar taklif etadi va amaliy qarorlar qabul qilishda foydali ilmiy manba vazifasini bajaradi.
Mazkur maqolada raqamli texnologiyalar tushunchasining umumiy nazariy talqinlari hamda ularning turizm sohasidagi xususiy mazmuni kompleks ilmiy yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot doirasida raqamli texnologiya tushunchasining klassik va zamonaviy ta’riflari tizimlashtirilib, ularning iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga ta’siri tahlil qilingan. Shuningdek, turizmda raqamli texnologiyalar bo‘yicha xalqaro ilmiy konsepsiyalar va UNWTO yondashuvlari o‘rganilib, ushbu tushunchaning sohaga xos jihatlari asoslab berilgan. Maqolada muallif tomonidan turizm sohasida raqamli texnologiyalarga oid yangi, integrallashgan ta’rif taklif etilib, uning ilmiy yangiligi asoslanadi. Tadqiqot natijalari turizm iqtisodiyoti nazariyasini rivojlantirish va PhD darajasidagi ilmiy izlanishlar uchun konseptual asos bo‘lib xizmat qiladi.