Mazkur maqolada turizmning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘rsatadigan ta’siri nazariy va empirik tadqiqotlar asosida kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqotda turizmni iqtisodiy o‘sishning muhim drayveri sifatida baholab, uning yalpi ichki mahsulot o‘sishi, bandlikni kengaytirish, xorijiy valyuta tushumlari, infratuzilma rivoji hamda hududiy iqtisodiy faollikka ta’siri ilmiy manbalar asosida yoritiladi. Metodologik jihatdan maqolada adabiyotlar sharhi, qiyosiy tahlil va empirik natijalarni umumlashtirish usullaridan foydalanilgan. Tadqiqot natijalari turizmning iqtisodiy samaradorligi mamlakatlarning institutsional muhiti, infratuzilma rivojlanganlik darajasi va boshqaruv sifatiga bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, turizmning multiplikativ ta’siri orqali iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham qo‘shimcha o‘sish va bandlik yaratilishi asoslab beriladi. Olingan xulosalar turizm siyosatini ilmiy asosda shakllantirish hamda sohani barqaror rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Turistik qishloqlar madaniy, ekologik va agroturizm elementlarini o‘zida mujassam etgan hududiy rivojlanishning o‘ziga xos shaklidir. Tadqiqotning maqsadi turistik qishloqlar shakllanishining nazariy asoslarini, tuzilishini, jahon tajribasini o‘rganish va ularning O‘zbekistonda rivojlanish istiqbollarini baholash uchun ekonometrik tahlilni amalga oshirishdan iborat. 2015–2023 yillar uchun foydalanilgan maʼlumotlar Stat.uz tomonidan taqdim etilgan.