Mazkur maqolada davlat tibbiyot tashkilotlarida nomoddiy aktivlar hisobining nazariy jihatlari, ularning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati hamda raqamli infratuzilma sharoitida foydalanish mexanizmlari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlar, elektron tibbiy reestrlar, tibbiy axborot tizimlari, litsenziyalar, klinik protokollar, tibbiy maʼlumotlar bazalari va intellektual resurslar, tibbiyot muassasalarining xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirishda asosiy omilga aylanganini koʻrsatdi. Maqolada nomoddiy aktivlarni baholashning integral indikatorli modeli (IAI) ishlab chiqilib, besh indikator: axborot tizimlari qiymati, klinik litsenziyalar, maʼlumotlar bazasi qiymati, elektron xizmatlar samaradorligi va intellektual salohiyatga asoslangan baholash metodologiyasi taklif etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlarni hisobga olishda faqat moddiy moliyaviy koʻrsatkichlar bilan cheklanish amaliy jihatdan yetarli emasligini, ijtimoiy foyda va xizmat samaradorligini hisobga oluvchi kompleks yondashuv talab etilishini asosladi. Maqola natijalari davlat tibbiyot tashkilotlarida moliyalashtirish samaradorligini oshirish, hisob siyosatini takomillashtirish va raqamli iqtisodiyot sharoitida intellektual resurslarni strategik boshqarish uchun amaliy ahamiyatga ega.