Tadqiqot raqamli bank xizmatlarining jadal rivojlanishi sharoitida O‘zbekiston bank tizimining kiberxavfsizligi va barqaror faoliyatini taʼminlash muammolarini oʻrganishga bagʻishlangan. Bank sektorining raqamlashtirilishi raqamli banklar va ekotizimlar kabi yangi mahsulot va servislarning paydo boʻlishiga olib kelib, milliy moliyaviy hamda kiberxavfsizlik masalalarining dolzarbligini oshirmoqda. Tadqiqotning maqsadi bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasining asosiy yoʻnalishlarini kiberxavfsizlik kontekstida tavsiflashdan iborat. Maqolada bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasi tushunchasiga doir yondashuvlar tizimlashtirilgan, jahon tajribasi asosida komparativ tahlil oʻtkazilgan, O‘zbekiston bank tizimidagi kiberxatarlar dinamikasi va ularning obyektlari tahlil qilingan hamda kiberxavfsizlikni kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari bank sektorini davlat tomonidan tartibga solish va barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada raqamli logistik tizimlarda uchraydigan asosiy xavfsizlik muammolari va ularni bartaraf etish usullari tahlil qilingan. Raqamli texnologiyalarning logistikaga keng joriy etilishi natijasida axborot xavfsizligi, tizimga noqonuniy kirishlar, ma’lumotlarning maxfiyligi va uzluksizligi kabi masalalar dolzarb bo‘lib bormoqda. Tadqiqotda mavjud tahdidlar, ularning oqibatlari va zamonaviy himoya texnologiyalari, jumladan, kriptografik usullar, kirishni boshqarish tizimlari, xavfsizlik devorlari (Firewall), SIEM tizimlari va boshqa ilg‘or yechimlar yoritilgan. Shu orqali logistikada raqamli infratuzilmaning barqarorligi va ishonchliligi ta’minlanishi mumkinligi ko‘rsatib beriladi.