Ushbu maqolada chiqindilarni qayta ishlash sohasini takomillashtirishda yashil moliya instrumentlarining iqtisodiy va ekologik ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Hozirgi kunda sanoat chiqindilarining ortib borishi, ekologik muammolarning kuchayishi hamda resurslardan oqilona foydalanish zarurati chiqindilarni qayta ishlash tizimini rivojlantirishni talab etmoqda. Mazkur jarayonda yashil moliya instrumentlari muhim moliyaviy mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda. Maqolada yashil obligatsiyalar, ekologik kreditlar, davlat subsidiyalari va grantlar kabi moliyaviy instrumentlarning mohiyati ochib berilgan hamda ularning chiqindilarni qayta ishlash sohasidagi amaliy qo‘llanilishi tahlil etilgan. Tadqiqot davomida chiqindilarni qayta ishlash sanoatining hozirgi holati, mavjud moliyaviy muammolari va investitsion cheklovlari o‘rganilgan. Ayniqsa, an’anaviy moliyalashtirish manbalari korxonalarning texnologik modernizatsiyasi va ekologik xavfsizlik talablarini to‘liq qondira olmasligi asoslab berilgan. Shu bois yashil moliya instrumentlari orqali uzoq muddatli va barqaror moliyalashtirish tizimini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Мазкур мақолада минтақавий ривожланишни таъминлашда молиявий воситалардан фойдаланиш механизмлари ва уларнинг иқтисодий самарадорлиги таҳлил қилинган. Тадқиқотда Европа Иттифоқи давлатлари, хусусан Польша ҳамда Туркия тажрибаси асосида ҳудудий ривожланишни молиялаштириш моделлари қиёсий ўрганилган. Мақолада молиявий воситаларнинг институционал асослари, айланмали молиялаштириш механизмлари, ҳудудий ривожланиш агентликлари фаолияти ва давлат-хусусий шерикчилиги асосида амалга оширилаётган молиялаштириш тизимларининг иқтисодий натижалари таҳлил қилинган. Таҳлил натижаларига кўра, минтақавий ривожланишда молиявий воситаларнинг самарадорлиги уларнинг қайтарилувчанлиги, манзиллилиги ва институционал мувофиқлашув даражасига боғлиқ эканлиги аниқланган. Шунингдек, Польша ва Туркия тажрибаси асосида ҳудудий молиялаштиришнинг самарали моделлари, айниқса револьвер фондлар, ҳудудий ривожланиш агентликлари ва инновацион молиявий инструментлар (венчур фондлар, “яшил” облигациялар, сукук)дан фойдаланишнинг аҳамияти асослаб берилган. Тадқиқот натижалари Ўзбекистонда минтақавий ривожланишни молиялаштириш механизмларини такомиллаштириш, ҳудудлар иқтисодий салоҳиятини ошириш ва инвестиция фаоллигини рағбатлантириш бўйича амалий тавсияларни ишлаб чиқиш имконини беради.
Mazkur maqolada kapital bozori ishtirokchilarining yashil iqtisodiyotga o‘tishdagi rolini o‘rganishda yashil iqtisodiyotga o‘tishda kapital bozorining o‘rni, yashil moliyaviy instrumentlarning ahamiyati va turlari bo‘yicha yondashuvlari o‘rganilgan. Yashil investorlarning kapital bozoridagi roli, kapital bozori ishtirokchilarining yashil iqtisodiyotga o‘tishdagi funksiyalari va yashil obligatsiyalar turlarining xalqaro yashil obligatsiyalar bozoridagi ulushi tahlil qilingan. Amalga oshirilgan tahlillar asosida tegishli xulosalar berilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish jarayonida “yashil” investitsiyalar va bandlikning ahamiyati yoritib berilgan. Maqolada BRMlarning milliy rivojlanish siyosatiga integratsiya qilinishi, “yashil” budjetlashtirish amaliyoti hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning institutsional va moliyaviy mexanizmlari yoritib berilgan. Jumladan, qayta tiklanuvchi energetika sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning o‘zgarish dinamikasi, davlat budjeti xarajatlarining BRM bo‘yicha markirovkasi hamda “yashil” moliyalashtirish instrumentlari tahlili orqali “yashil” investitsiyalarning BRM 7, 8, 9, 11, 12 va 13-maqsadlariga erishishdagi roli asoslab berilgan. Tahlil natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar shakllantirilib, ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.