Maqolada Oʻzbekiston Respublikasida kiyim ishlab chiqarish sanoatining hozirgi holati, rivojlanish omillari va istiqbollari yoritilgan. Sanoatning milliy iqtisodiyotdagi oʻrni, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish, brend va dizayn siyosatini rivojlantirish zarurati tahlil qilingan. Shuningdek, ilmiy asoslangan marketing strategiyalarini joriy etish, neyromarketing yondashuvlari, elektron tijorat imkoniyatlaridan foydalanish va kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirish sohaning global raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim omil sifatida qayd etilgan.
Bugungi kunda iqtisodiy resurslar hajmining qisqarib borayotganligi, xalqaro iqtisodiyotning globallashuvi mamlakatda barqaror iqtisodiy oʻsishni ta'minlashda innovatsion iqtisodiyotni joriy etilishi dolzarbligini yanada oshirmoqda. Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻtgan asrning 90 yillariga qadar xomashyo va qishloq xoʻjaligiga asoslangan xoʻjalikdan, bugungi kunda ishlab chiqarish resurs tejamkor va ilmsigʻimli boʻlgan tayyor iste'mol mollari ishlab chiqaradigan va xizmatlar koʻrsatadigan innovatsion xoʻjalik yuritish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtmoqda. Xoʻjaliklar faoliyatini innovatsion tizim ta'siridagi samaradorligi innovatsiyalarning ahamiyatli chuqur anglash, ularni iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalari doirasida tegishli kombinatsiyasini ta'minlashni taqozo etadi. Oʻz oʻrnida mazkur kombinatsion tizim ta'siriga ega boʻlgan jarayon innovatsion faollikka qaratilgan moliyaviy-iqtisodiy munosabatni toʻgʻri tashkil etishga yoʻnaltirilgan qator vazifalar ijrosini ta'minlash zaruriyatini yuzaga keltiradi.