Maqola O‘zbekiston bank tizimining xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tish jarayonlari va muammolarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Jahon iqtisodiy integratsiyasi sharoitida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu standartlarning joriy etilishi moliyaviy hisobotning shaffofligi, taqqoslanuvchanligi va ishonchliligini ta’minlashga yordam beradi. O‘zbekiston Respublikasida MHXSga o‘tish iqtisodiy islohotlarning muhim qismi sifatida banklarning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvi va investorlar ishonchini oshirishga yordam beradi. Biroq, bu jarayon normativ-huquqiy bazani moslashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish kabi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Maqolada ushbu jarayonning asosiy masalalari, muammolari va istiqbolli yechimlari tahlil qilinadi.
Maqolada O‘zbekistonning moliyaviy infratuzilmasining asosiy komponentlarining funksional tahlili keltirilgan. Bank sohasida raqobatning cheklanganligi, fond bozorining likvidlik darajasining pastligi, kredit byurolarining yetarlicha qamrab olinmasligi va shaffoflik masalalari bo‘yicha mavjud muammolar ko‘rib chiqilgan. Moliyaviy infratuzilmani takomillashtirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish va investitsiyalarni jalb qilish uchun tavsiyalar keltirilgan.
Ўзбекистон Республикасида аҳоли омонатларининг жозибадорлигини ошириш, банк тизимига ишончни мустаҳкамлаш ва омонатчилар ҳуқуқларини ҳимоя қилишга қаратилган тадқиқот натижалари баён этилган. Тадқиқотда тижорат банклари фаолияти, қонунчилик базаси ва халқаро тажриба чуқур таҳлил қилинди. Халқаро тажрибадан келиб чиқиб, Германия, Сингапур ва Жанубий Корея каби мамлакатлардаги омонатларни кафолатлаш тизими Ўзбекистон шароитига мос равишда таққосланди. Жадаллашган рақамлаштириш жараёнлари ва автоматлаштирилган қайтариш тизимлари омонатчиларнинг банк тизимига бўлган ишончини оширишда ҳал қилувчи аҳамиятга эга эканлиги таъкидланди. Тадқиқот натижалари асосида омонатларни қайтариш муддатини қисқартириш, рақамли хизматларни кенгайтириш, кафолатланган лимитни ошириш ва маркетинг стратегияларини ривожлантириш каби тавсиялар ишлаб чиқилди. Ушбу тадбирлар Ўзбекистон банк тизимининг барқарорлигини ошириш ва халқаро молия бозорлари билан интеграция жараёнини тезлаштириш учун замин яратади.