Ushbu maqola O‘zbekiston sharoitida barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish maqsadida sun’iy intellekt (SI) tizimlarini qo‘llash metodologiyasini takomillashtirishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning asosiy maqsadi SI texnologiyalarining milliy iqtisodiyot tarmoqlariga integratsiyalashuvining samarali mexanizmlarini ishlab chiqishdir. Maqolada mavjud xorijiy va mahalliy tajribalar tahlil qilinib, SIni joriy etishdagi institutsional, texnik va kadrlar muammolari aniqlandi. Asosiy natija sifatida SI asosidagi qaror qabul qilish tizimlarini iqtisodiy rejalashtirishga tatbiq etishning takomillashtirilgan metodologiyasi taklif etilgan. Ushbu metodologiya SI xavfsizligi, shaffofligi va iqtisodiy samaradorligi tamoyillariga asoslangan. Tadqiqot natijalari iqtisodiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda va SI texnologiyalaridan foydalanishda amaliy ahamiyatga ega.
Maqolada O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (PPP) mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va ularni milliy sharoitga moslashtirish imkoniyatlari chuqur tahlil qilingan. Xususan, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Kanada, Avstraliya, Singapur, Malayziya, Hindiston, BAA va Janubiy Koreya tajribasi asosida ularning afzalliklari, kamchiliklari, risklarni boshqarish mexanizmlari va institutsional asoslari ko‘rib chiqilgan. Maqola davomida O‘zbekiston sharoitida PPP loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, mavjud imkoniyatlar, moliyaviy va huquqiy asoslar chuqur tahlil qilinib, PESTEL va SWOT tahlillar keltirilgan. Shuningdek, maqolada statistik ma’lumotlar asosida turizm sohasida investitsiya hajmlari, ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini oshirishga PPPning ta’siri yoritilgan. Natijada, davlat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlik uchun 10 ta aniq taklif ishlab chiqilgan.
Iqtisodiy xavfsizlik, «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish bilan bog‘liq global o‘zgarishlar sharoitida barqaror rivojlanishning asosiy elementi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida tabiiy resurslarni boshqarishni optimallashtirish, energiya samaradorligini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish zaruratidan kelib chiqib, bu jarayon strategik ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Maqolada «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashning asosiy muammolari va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, qonunchilik bazasini takomillashtirish va institutsional mexanizmlarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Taqdim etilgan chora-tadbirlar barqaror o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish, ekologik yukni kamaytirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.