Maqolada 2017–2024 yillar davomida Oʻzbekiston eksportining tarkibiy diversifikatsiyasi empirik jihatdan tahlil qilinadi. Gorizontal diversifikatsiya eksport qilinayotgan mahsulotlar soni va Herfindal–Hirshman indeksi asosida, vertikal diversifikatsiya esa mahsulotlarning oʻrtacha eksport qiymati orqali baholangan. Regressiya natijalari shuni koʻrsatadiki, eksport qilinayotgan mahsulotlar sonining ortishi eksport hajmiga ijobiy va ahamiyatli taʼsir koʻrsatadi. Uzoq xorij mamlakatlari bilan savdo aloqalarida esa mahsulotlarning nafaqat soni, balki ularning yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu vertikal diversifikatsiyani rivojlantirish zarurligini koʻrsatadi. Tadqiqot shuningdek, Oʻzbekiston eksportining ayrim mahsulotlarga, xususan, oltinga yuqori darajadagi qaramligini aniqladi. Yuqori transport xarajatlarini hisobga olgan holda, qayta ishlangan, innovatsion va raqobatbardosh mahsulotlarni eksport qilish Oʻzbekiston tashqi savdosining barqarorligini taʼminlashda muhim hisoblanadi.
Ушбу мақолада болалар ўйинчоқлари ишлаб чиқариш соҳасида экспорт ва импорт жараёнларининг ташкилий-иқтисодий механизм самарадорлигига таъсири атрофлича таҳлил қилинган. Тадқиқот жараёнида PESTLE таҳлил усули қўлланилиб, ташқи муҳит омилларининг таъсир даражаси баҳоланган. Шунингдек, ташкилий-иқтисодий механизм самарадорлигини аниқлаш учун интеграл индекс модели таклиф этилган. Олинган натижаларга кўра, иқтисодий ва технологик омиллар энг катта таъсирга эга экани, ижтимоий ва экологик йўналишлар эса стратегик ривожланиш учун муҳим аҳамият касб этиши аниқланган. Мақола якунида соҳада самарадорликни ошириш ва миллий ишлаб чиқарувчиларнинг халқаро бозордаги рақобатбардошлигини таъминлашга қаратилган амалий таклифлар берилган.
Mazkur maqolada davlat tibbiyot tashkilotlarida nomoddiy aktivlar hisobining nazariy jihatlari, ularning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati hamda raqamli infratuzilma sharoitida foydalanish mexanizmlari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlar, elektron tibbiy reestrlar, tibbiy axborot tizimlari, litsenziyalar, klinik protokollar, tibbiy maʼlumotlar bazalari va intellektual resurslar, tibbiyot muassasalarining xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirishda asosiy omilga aylanganini koʻrsatdi. Maqolada nomoddiy aktivlarni baholashning integral indikatorli modeli (IAI) ishlab chiqilib, besh indikator: axborot tizimlari qiymati, klinik litsenziyalar, maʼlumotlar bazasi qiymati, elektron xizmatlar samaradorligi va intellektual salohiyatga asoslangan baholash metodologiyasi taklif etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlarni hisobga olishda faqat moddiy moliyaviy koʻrsatkichlar bilan cheklanish amaliy jihatdan yetarli emasligini, ijtimoiy foyda va xizmat samaradorligini hisobga oluvchi kompleks yondashuv talab etilishini asosladi. Maqola natijalari davlat tibbiyot tashkilotlarida moliyalashtirish samaradorligini oshirish, hisob siyosatini takomillashtirish va raqamli iqtisodiyot sharoitida intellektual resurslarni strategik boshqarish uchun amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda ta’lim turizmini rivojlantirishning asosiy omillari, dinamik ko‘rsatkichlari va strategik yo‘nalishlari tizimli tahlil qilinadi. Xalqaro talabalar oqimi, xorijiy universitetlar filiallari soni, ta’lim infratuzilmasi va raqobatbardoshlik indekslari asosida integrallashgan baholash modeli ishlab chiqilib, 2019-2025 yillar oralig‘idagi rivojlanish jarayonlari ilmiy asosda o‘rganilgan. Shuningdek, mavjud muammolar, infratuzilmaviy cheklovlar, migratsion jarayonlar va xalqaro akkreditatsiya bilan bog‘liq qiyinchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar yoritiladi. Tadqiqot natijalari O‘zbekistonni global ta’lim bozorida raqobatbardosh ta’lim manzili sifatida shakllantirish bo‘yicha strategik xulosalar va takliflarni taqdim etadi.
Сўнгги йилларда Марказий Осиё мамлакатлари иқтисодий тузилмасидаги ўзгаришларни ва жаҳон бозорларига интеграциясини кучайтирмоқда. Ушбу тадқиқот 2017-2024 йилларда Ўзбекистон, Қозоғистон, Қирғизистон, Тожикистон ва Туркманистоннинг маҳсулот мураккаблик индекси (PCI)ни таҳлил қилади. Натижалар Ўзбекистон, Қозоғистон ва Туркманистонда саноатни босқичма-босқич модернизация қилиш билан мураккаблик ошиб бораётганини, Қирғизистон ва Тожикистонда эса паст қийматли хомашё экспортга таяниш сабаб PCI кўрсаткичлари пасайганини кўрсатди. Маҳсулот мураккаблигини ошириш диверсификация ва барқарор ўсиш учун муҳимдир.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonda 2024-yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasini amalga oshirish natijalari tahlil qilingan. Tadqiqotda ijtimoiy-iqtisodiy omillarning jamoatchilik tashabbuslari va gʻolib boʻlgan loyihalarga taʼsirini oʻrganish uchun korrelyatsiya va regressiya tahlili usullaridan foydalanildi. Loyihaning ahamiyati, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi oʻrni belgilab olindi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Ushbu maqolada Jahon banki ma’lumotlari va Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksining qiyosiy tahlili yordamida Markaziy Osiyodagi monetar va ko‘p o‘lchovli kambag‘allik dinamikasi o‘rganilgan. Tadqiqotda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistondagi mavjud kambag‘allikni pasaytirish modellari tahlil qilingan, bu sohadagi yutuqlar va tarkibiy to‘siqlar ko‘rsatilgan. Iqtisodiy o‘sish, mehnat daromadlari, pul o‘tkazmalari va ijtimoiy transfertlar tufayli monetar kambag‘alligining sezilarli darajada kamayishiga qaramay, ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indekslari turmush darajasi va asosiy xizmatlardan foydalanishdagi doimiy kamchiliklarni ko‘rsatadi. Natijalar mamlakatlararo sezilarli o‘zgaruvchanlikni ko‘rsatadi va daromadlarning oshishini inson kapitali va ijtimoiy infratuzilmaga investitsiyalar bilan birlashtirgan muvofiqlashtirilgan kambag‘allikka qarshi siyosat zarurligini ta’kidlaydi.