Maqolada rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida aksiyadorlik jamiyatlarida raqamli boshqaruvni shakllantirishning nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda raqamli boshqaruv faqat axborot texnologiyalarini joriy etish emas, balki qaror qabul qilish sifati, korporativ nazorat, hisobdorlik va institutsional barqarorlikni ta’minlovchi kompleks iqtisodiy boshqaruv modeli ekani asoslanadi. AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya va Singapur tajribasi qiyosiy tahlil qilinib, raqamli boshqaruvning universal omillari va bosqichli transformatsiya qonuniyatlari aniqlangan. Olingan xulosalar O‘zbekiston aksiyadorlik jamiyatlarida raqamli boshqaruvni milliy institutsional muhitga moslashtirish uchun ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada O‘zbekistonning qo‘shilgan qiymat solig‘ining fiskal samaradorligi “QQS daromadlar nisbati (VRR)” ko‘rsatkichi asosida OECD metodologiyasi bo‘yicha baholanadi. Tadqiqotda 2019–2024-yillar davomida amalga oshirilgan soliq islohotlari, jumladan QQS stavkasining pasaytirilishi, elektron hisob-faktura tizimining joriy etilishi va soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish choralari tahlil qilinadi. Natijalar mazkur davrda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va QQS tushumlari o‘sishiga qaramay, VRR darajasi deyarli o‘zgarmagani, norasmiy iqtisodiyot ulushi, naqd pul asosidagi operatsiyalar va soliq imtiyozlari QQS yig‘imdorligiga ta’sir qiluvchi muhim omillar ekanini tasdiqlaydi
Mazkur maqolada milliy buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish yoʻnalishlari kompleks tarzda tadqiq etilgan. Xususan, IFRS, CAS va AAOIFI standartlarining nazariy asoslari, qoʻllanilish xususiyatlari va ularning milliy hisob tizimiga taʼsiri qiyosiy tahlil qilingan. Tadqiqotda xalqaro standartlarni joriy etishga oid ilmiy qarashlar iqtisodiy, institutsional va geoiqtisodiy yondashuvlar nuqtayi nazaridan tizimlashtirilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston buxgalteriya tizimining hozirgi holati xalqaro modellar bilan solishtirilib, uning gibrid xususiyatga egaligi asoslab berilgan. Maqolada xalqaro standartlarga oʻtish jarayonini bir yoʻnalishli islohot sifatida emas, balki iqtisodiy, strategik va ijtimoiy omillarni qamrab olgan kompleks transformatsiya sifatida baholash zarurligi ilmiy jihatdan asoslangan. Shu asosda milliy hisob tizimini takomillashtirish boʻyicha konseptual yondashuvlar, jumladan, asosiy savdo hamkorlariga moslashish, mintaqaviy integratsiya va islom moliyasi tamoyillarini hisobga olishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida 5PL logistika provayderlarini shakllantirish va rivojlantirishmasalalari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, sun’iy intellekt, internet qurilmalari (IoT), ma’lumotlarni tahlil qilish texnologiyalari hamda logistik oqimlarni adaptiv boshqarish texnologiyalari kabi innovatsion texnologiyalarning logistika provayderlari rivojlanishiga ta’siri tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada o‘zini o‘zi tashkil etuvchi savdo tizimida muvozanat holatini boshqarishda investitsiya oqimining ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda investitsiya oqimining iqtisodiy tizimlarga ta’siri, uning turli shakllari hamda savdo tizimining dinamikasiga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, tizimga ta’sir etuvchi uzluksiz va diskret omillar sinflashtirilib, stoxastik differensial tenglama orqali model ishlab chiqilgan. Hamilton–Jakobi–Bellman tenglamasi asosida investitsiya oqimining optimal qiymatini aniqlash metodologiyasi taklif etilgan. Olingan natijalar iqtisodiy tizimlarni prognozlash, resurslarni optimal taqsimlash va bozor strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ушбу мақолада ахборот-коммуникация технологиялари (АКТ) корхоналарида рақамли трансформацияни бошқариш самарадорлигини баҳолаш масаласи таҳлил қилинган. Тадқиқот давомида рақамли трансформация жараёнларининг амалдаги ҳолати ва уларни баҳолашдаги асосий муаммолар аниқланган. Шу асосда рақамли трансформация самарадорлигини баҳолашнинг интеграл ёндашуви таклиф этилган бўлиб, у технологик, ташкилий ва инсон капитали омилларини қамраб олади.
Глобаллашув шароитида агросаноат тармоғининг барқарор ривожланиши ва ташқи бозорларда рақобат устунлигини таъминлаш масалалари долзарб аҳамият касб этади. Мазкур мақолада агросаноат ишлаб чиқариш рақобатбардошлигининг концептуал ва назарий асослари комплекс тарзда таҳлил қилинган. Шу нуқтаи назардан, мақолада агросаноат ишлаб чиқариш рақобатбардошлигини шакллантирувчи асосий омиллар институционал муҳит, ресурс салоҳияти, инновацион ривожланиш, инсон капитали ва давлат иқтисодий сиёсати таъсири назарий жиҳатдан таҳлил қилинган.
Maqolada O‘zbekiston sanoat tarmoqlarining innovatsion rivojlanishini ta’minlash jarayonidagi mavjud muammo va istiqbolli imkoniyatlar kompleks tarzda tadqiq etilgan. Sanoat tarmoqlarining innovatsion rivojlanishini ta’minlashga taʼsir ko‘rsatuvchi omillar va ularning rivojlanish xususiyatlari tizimli asosga keltirilgan. Sanoat tarmoqlari innovatson rivojlanish jarayonlaridagi munosabatlarni tashkiliy asosi va natijadorligini hozirgi holati baholangan. Sanoat tarmoqlarining innovatsion rivojlanishini ta’minlash bilan bog’liq muammolarni bartaraf etishga doir ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar shakllantirilgan.
Mazkur ilmiy maqolada turizm turlarini transformatsiyalash va diversifikatsiyalash jarayonlari xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda 2020-2025 yillar davomida pandemiyadan keyingi tiklanish bosqichida turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar, strategik yondashuvlar va institutsional mexanizmlar o‘rganilgan. Xususan, turizmni raqamli transformatsiya qilish, mahsulot va bozor diversifikatsiyasi, mavsumiylikni yumshatish, barqaror va “yashil” turizmni joriy etish hamda turistik xizmatlar qiymatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar tahlil etilgan. Tadqiqotda turizmni transformatsiyalash va diversifikatsiyalashning asosiy omillari sifatida davlat siyosati va strategik rejalashtirish, infratuzilmaviy investitsiyalar, raqamli texnologiyalar, madaniy va tabiiy resurslardan samarali foydalanish, hamda barqaror rivojlanish tamoyillari belgilangan. Shuningdek, xorijiy tajriba asosida milliy turizm siyosatini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada tashkilotlarda boshqaruv tizimining zamonaviy muammolari va ularning shakllanish omillari tizimli yondashuv asosida tahlil qilingan. Globallashuv, raqamli transformatsiya va raqobat muhitining kuchayishi sharoitida yuzaga kelayotgan tashkiliy, iqtisodiy, ijtimoiy-psixologik, texnologik hamda strategik muammolar boshqaruv tizimining tarkibiy quyi tizimlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijasida boshqaruv tuzilmasini optimallashtirish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish, inson resurslari salohiyatini rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari sifatida asoslab berilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining havo ifloslanishiga bevosita va bilvosita ta'siri makroiqtisodiy darajadagi ekonometrik tahlil taqdim etilgan. Tahlilda asosiy o‘zgaruvchilar tanlanib, jumladan, butun sanoat sohasida elektr ta'minoti, to'qimachilik ishlab chiqarish hajmi va to'qimachilik sanoatining umumiy sanoat faoliyatidagi ulushini o‘z ichiga olgan. Tadqiqot havo ifloslanish darajasidagi kuzatilgan og‘ishlarni tahlil etib, asosiy iqtisodiy hamda strukturaviy omillarni aniqlashtirib bergan. Tahlil natijalariga asoslanib, O‘zbekistonda atrof-muhitga salbiy ta‘sirlarni kamaytirish va havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan iqtisodiy va siyosiy tavsiyalar taqdim etilgan.
Mazkur maqolada aholiga aloqa xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalasi institutsional va iqtisodiy nuqtayi nazardan tadqiq etiladi. Tadqiqot davomida aloqa xizmatlari bozorining rivojlanishiga ta’sir etuvchi boshqaruv mexanizmlari, tartibga solish instrumentlari hamda xizmatlar samaradorligini belgilovchi omillar nazariy jihatdan asoslab berildi. Empirik tahlil doirasida rasmiy statistika ma’lumotlari asosida xizmatlar qamrovi, foydalanish intensivligi va hududiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik o‘rganildi. Olingan natijalar aloqa xizmatlari tizimining barqaror rivojlanishi samarali institutsional muhit bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatdi. Maqolada sohani boshqarishda davlat tartibga solish siyosati, investitsiya muvozanati va raqobat sharoitlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan institutsional takomillashtirish modeli taklif etildi. Tadqiqot yakunlari aloqa xizmatlari tizimini rivojlantirish va boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy qarorlar ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu maqolada milliy raqobatbardoshlik tushunchasining nazariy asoslari Porter tomonidan ishlab chiqilgan “Diamond” modeli doirasida tahlil qilinadi hamda ushbu konsepsiyaning O‘zbekiston iqtisodiyoti sharoitida namoyon bo‘lish xususiyatlari o‘rganiladi. Maqolada milliy farovonlikning tabiiy resurslar yoki makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yig‘indisi emas, balki ichki raqobat muhiti, innovatsion salohiyat va institutsional rivojlanish bilan uzviy bog‘liqligi asoslab berilgan. Maqolada O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar yoritilgan.
Ushbu maqolada Jahon banki ma’lumotlari va Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksining qiyosiy tahlili yordamida Markaziy Osiyodagi monetar va ko‘p o‘lchovli kambag‘allik dinamikasi o‘rganilgan. Tadqiqotda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistondagi mavjud kambag‘allikni pasaytirish modellari tahlil qilingan, bu sohadagi yutuqlar va tarkibiy to‘siqlar ko‘rsatilgan. Iqtisodiy o‘sish, mehnat daromadlari, pul o‘tkazmalari va ijtimoiy transfertlar tufayli monetar kambag‘alligining sezilarli darajada kamayishiga qaramay, ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indekslari turmush darajasi va asosiy xizmatlardan foydalanishdagi doimiy kamchiliklarni ko‘rsatadi. Natijalar mamlakatlararo sezilarli o‘zgaruvchanlikni ko‘rsatadi va daromadlarning oshishini inson kapitali va ijtimoiy infratuzilmaga investitsiyalar bilan birlashtirgan muvofiqlashtirilgan kambag‘allikka qarshi siyosat zarurligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada soliq salohiyatining iqtisodiy mazmuni, uning shakllanish qonuniyatlari va soliq tizimidagi strategik o‘rni yoritilgan. Tadqiqot davomida soliq salohiyatiga ta’sir etuvchi omillar tahlil qilinib, davlat budjeti daromadlarini barqarorlashtirishda ushbu ko‘rsatkichning ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, soliq bazasini kengaytirish va soliq yig‘iluvchanligini oshirish orqali mamlakat iqtisodiy o‘sishini ta’minlash yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Maqola soliq siyosatini takomillashtirish va soliq yukini optimallashtirish masalalari bilan qiziquvchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.
Ushbu maqola O’zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish jarayonida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etishning nazariy va amaliy asoslarini tahlil qiladi. Jahon miqyosidagi islohotlar, O‘zbekistonning ichki muammolari va ularni hal etish yuzasidan davlat siyosati tahlil qilinadi. Inson kapitaliga ta’sir etuvchi omillar ta’lim, salomatlik, mehnat bozori, innovatsiya va institutsional rivojlanish bo‘yicha guruhlarga ajratilib, iqtiboslar bilan yoritiladi. Metodologiyada Inson Kapitali Indeksi (IKI) va Inson Taraqqiyoti Indeksi (ITI)ni hisoblash usullari, xalqaro va milliy ma’lumotlar bazalari tasvirlanadi. Natija va tahlil qismida O‘zbekistonning IKI va ITI ko‘rsatkichlari xorijiy davlatlar bilan solishtiriladi. Muhokama bo‘limida xorijiy tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish yo‘llari beriladi.
Ushbu maqolada AQShning Silikon vodiysida shakllangan innovatsion startap ekotizimi iqtisodiy va statistik yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda startaplar rivojlanish bosqichlari, venchur kapital dinamikasi, mehnat bozori o‘zgarishlari, demografik ko‘rsatkichlar hamda texnologik faollikning mehnat bozori, migratsiya oqimlari, patentlash sur’atlari va investitsiya hajmlari bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. 2020–2023 yillar davomida Silikon vodiysidagi startaplar soni dinamikasi, AI startaplar ulushi, yangi tashkil etilgan texnologik kompaniyalar, venchur kapital taqsimoti hamda gender tarkibi bo‘yicha statistik tendensiyalar tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari Silikon vodiysida iqtisodiy va demografik diversifikatsiya, investitsiya imkoniyatlari hamda inson resurslari salohiyati ekotizimning barqaror o‘sishi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Mazkur tajriba O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy siyosat va institutsional mexanizmlarni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega.
Mazkur maqolada pensiya ta’minoti va majburiy pensiya sug‘urtasining zamonaviy davlatlarning ijtimoiy himoya tizimidagi o‘rni hamda ularning barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi ahamiyati yoritilgan. Tadqiqotda Germaniya, Italiya va AQSh pensiya tizimlari misolida majburiy, korporativ va xususiy pensiya ta’minoti darajalari, ularning moliyalashtirish manbalari, ishtirokchilar doirasi hamda funksional xususiyatlari qiyosiy tahlil qilindi. Shuningdek, davlatning pensiya tizimidagi tartibga soluvchi roli, avlodlar birdamligi tamoyili, jamg‘arib boriladigan pensiya mexanizmlarining ahamiyati va aholi qarish jarayonining pensiya tizimiga ta’siri ko‘rsatib berildi. Maqolada pensiya yoshi, minimal sug‘urta staji, badallar miqdori kabi mezonlar bo‘yicha ayrim xorijiy mamlakatlar tajribasi solishtirildi. O‘zbekiston pensiya tizimining hozirgi holati, demografik o‘zgarishlar sharoitida uning moliyaviy barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar, majburiy pensiya sug‘urtasini takomillashtirish zarurati va islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari asoslab berildi. Xulosa qismida xalqaro tajribani milliy sharoitga moslashtirgan holda pensiyaning jamg‘ariladigan qismini rivojlantirish, aktuariy baholashni kuchaytirish, majburiy va ixtiyoriy pensiya mexanizmlarining uyg‘unlashuvi pensiya tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada aholi orasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish muammolari va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilinadi. Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar ta’lim yetishmovchiligi, moliyaviy resurslarning cheklanganligi, bozor talablarini noto‘g‘ri baholash, huquqiy to‘siqlar va innovatsion g‘oyalarning yetishmovchiligi kabi muammolar yoritiladi. Shu bilan birga, ushbu muammolarga yechim sifatida tadbirkorlik ta’limini rivojlantirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilash, bozor tahlilini o‘rgatish, huquqiy tartibotni soddalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llash kabi takliflar beriladi. Ushbu yechimlar jamiyatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada xo‘jalik yurituvchi subyektlarda pul mablag‘lari hisobi, ularning aylanishi, kassa va bank operatsiyalarining tartibi hamda pul oqimlarini boshqarish samaradorligi tahlil qilingan. Pul mablag‘lari harakati korxonaning moliyaviy barqarorligi, likvidlik darajasi va moliyaviy xavfsizligini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Tadqiqot davomida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, buxgalteriya standartlari va amaliyotda qo‘llaniladigan usullar o‘rganildi. Tahlil natijalariga ko‘ra pul oqimlarini rejalashtirish, nazorat qilish va optimallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Maqola O‘zbekiston tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunda aktivlar rentabelligi (ROA) ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan. Markaziy bankning ma’lumotlari asosida kredit portfelining o‘sishi va jismoniy shaxslar kreditlari ulushining oshishi tahlil qilingan. Maqolada faoliyat samaradorligini oshirishning asosiy drayverlari sifatida kredit risklarini qat’iy boshqarish, foiz marjasini optimallashtirish, raqamli texnologiyalar orqali operatsion xarajatlarni optimallashtirish va qimmatli qog‘ozlar hisobiga aktivlarni strategik diversifikatsiya qilish zaruriyati asoslangan.
Ushbu maqolada ta’lim muassasalarida innovatsion faoliyatning mazmun-mohiyati, uning zamonaviy pedagogik jarayonda tutgan o‘rni va ta’lim sifatiga ko‘rsatadigan ta’siri chuqur tahlil qilinadi. Innovatsion faoliyat o‘qituvchining pedagogik jarayonga yangi g‘oya, ilg‘or texnologiya va metodlarni joriy etishi orqali ta’lim samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks jarayon sifatida yoritiladi. Tadqiqot davomida ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan raqamli texnologiyalar, interfaol metodlar, modulli ta’lim, loyihaviy yondashuv, STEAM-integratsiya kabi innovatsion shakllarning afzalliklari, amaliy samarasi va o‘quvchilar rivojlanishiga ta’siri ilmiy asosda ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, innovatsion faoliyatning tashkil etilishiga ta’sir qiluvchi tashkiliy-metodik omillar, o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyasi, ta’lim muassasasining texnik bazasi va boshqaruv mexanizmlarining roli tahlil qilinadi. Maqola natijalari innovatsion yondashuvlarni samarali joriy etish ta’lim jarayonining sifatini oshirish, o‘quvchilarni kreativ fikrlashga undash va zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Иқтисодиётда пул маблағларининг асосий қисми нақд пулсиз ҳисоб-китоблар орқали айланади. Нақд пулсиз ҳисоб-китоблардан фойдаланишни рағбатлантириш, жами ҳисоб-китобларда бундай ҳисоб-китобларнинг улушини ошириш иқтисодиётни тараққий этишини ва узулуксиз ўсишини таъминлашда муҳим омиллардан бири ҳисобланади. Шу билан биргаликда нақд пулсиз ҳисоб-китоблар қулай бўлиши билан бирга бир қанча афзалликларга ҳам эга.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda turizm xizmatlarini boshqarish tizimini modernizatsiya qilishning zaruriyati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali strategik yo‘nalishlar ilmiy asosda tahlil qilindi. Tadqiqot davomida statistika, komparativ tahlil, TOWS yondashuvi, kontent tahlili kabi metodlardan foydalanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, sohada institutsional nomuvofiqliklar, raqamli boshqaruvning sustligi, hududlar bo‘yicha xizmatlar sifati notekisligi, kadrlar malakasining pastligi va marketing siyosatining yetarli emasligi hali ham dolzarbdir. Shuningdek, smart-turizm, raqamli platformalar, xalqaro standartlar asosida xizmat sifati boshqaruvi va mahalliy aholi ishtirokini kengaytirish kabi yo‘nalishlar sektorni modernizatsiya qilishda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Mazkur maqola O‘zbekistonda turizm boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha kompleks yechimlar taklif etadi va amaliy qarorlar qabul qilishda foydali ilmiy manba vazifasini bajaradi.