Kambag’allik darajasi har qanday mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning muhim ko'rsatkichidir. Ko'pgina boshqa mamlakatlar kabi O'zbekiston uchun ham kambag’allik muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekistondagi kambag’allik darajasi, uning dinamikasi, asosiy sabablari va mamlakatda kambag’allik kamaytirish bo‘yicha takliflar tahlil qilinadi. Hozirgi vaqtda kambag‘allikni qisqartirishni inson kapitali sifatini oshirish bilan birgalikda o‘rganish nafaqat jahon miqyosida, balki O‘zbekiston iqtisodiyoti oldidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Turmush darajasini baholash uchun quyidagi ko'rsatkichlar tizimi qo'llaniladi: ishchilarning o'rtacha ish haqi; o'rtacha ish haqi va pensiya asosida aholining sotib olish qobiliyati; aholining asosiy ijtimoiy-demografik guruhlari uchun minimal iste'mol byudjeti; yashash minimumi, iste'mol savati va aholining turli ijtimoiy-demografik guruhlarining iste'mol xarajatlari tarkibi. Daromad darajasi, shu jumladan aholining ish haqi oilaning ijtimoiy farovonligi bilan bog'liq. Daromad darajasiga qarab, odam ma'lum bir maqsadga erishadi: omon qolish, moddiy boylik, rivojlanish.