Ushbu tadqiqotda maxsus iqtisodiy zonalarning (MIZ) iqtisodiy o‘sish, hududiy rivojlanish, investitsiyalar, bandlik va eksportga ta'siri bo‘yicha mavjud empirik tadqiqotlar tizimli ravishda tahlil qilindi. Tadqiqot PRISMA tamoyillari asosida Systematic Literature Review metodologiyasi yordamida amalga oshirildi. Tahlilga 2000–2026-yillarda chop etilgan 29 ta ilmiy maqola kiritildi. Natijalar MIZlar ko‘plab mamlakatlarda iqtisodiy faollikni oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilganligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ularning samaradorligi institutsional sifat, boshqaruv tizimi, infratuzilma va mahalliy iqtisodiyot bilan integratsiya darajasiga bog‘liq ekanligi aniqlandi. Tadqiqot natijalari MIZlarning iqtisodiy rivojlanishdagi rolini baholash hamda kelgusidagi tadqiqot yo‘nalishlarini aniqlash uchun muhim ilmiy asos yaratadi
Mazkur maqolada Qashqadaryo viloyatida kichik biznes va tadbirkorlikning rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar tizimli tahlil qilindi. Tadqiqotning maqsadi hududda kichik biznes sektorining iqtisodiy o‘sishdagi o‘rni, uning sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmatlar sohasi va tashqi savdo ko‘rsatkichlariga qo‘shayotgan hissasini aniqlashdan iboratdir. Tadqiqot metodologiyasi sifatida statistik tahlil, qiyosiy va trend tahlili, shuningdek, ilmiy adabiyotlar sharhi va amaliy ma’lumotlarni kompleks qayta ishlash usullaridan foydalanildi. Natijalar kichik biznesning hududiy iqtisodiyot barqarorligida muhim o‘rin tutishini, biroq investitsion muhit, infratuzilma va innovatsion rivojlanish omillarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi. Maqola yakunida Qashqadaryo viloyatida kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar va amaliy takliflar ishlab chiqildi