Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida uy xo‘jaliklari sektorining iqtisodiy faolligini oshirish yo‘nalishlari tizimli tahlil qilingan. Tadqiqot davomida 2019–2024 yillar oralig‘idagi statistik ko‘rsatkichlar, mintaqaviy tafovutlar, daromadlar va xarajatlar dinamikasi, iste’mol strukturasidagi o‘zgarishlar va davlat siyosatining ta’sir kuchi baholandi. Uy xo‘jaliklarining daromadlarini shakllantirishda mehnat bozori, migratsiya, ijtimoiy to‘lovlar va raqamli iqtisodiyot omillarining ahamiyati alohida o‘rganildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklarining real daromadlarida barqarorlik mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim mintaqalarda resurslar yetishmovchiligi, iste’mol va sarmoya imkoniyatlarining cheklanganligi kuzatilmoqda. Maqolada uy xo‘jaliklarining iqtisodiy faolligini oshirish uchun beshta asosiy yo‘nalish taklif etilgan: moliyaviy xizmatlar infrastrukturasi rivoji, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, boshqaruvni raqamlashtirish va hududiy differensial strategiyalarni ishlab chiqish. Ushbu yondashuvlar uy xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligi, resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ushbu maqolada ish haqi to‘lovlari va soliqlarni raqamlashtirish orqali mehnat bozorining barqarorligini ta’minlash masalasi tizimli tahlil qilinadi. Mavzuning dolzarbligi global raqamli transformatsiya jarayonlari fonida tahlil etilib, xorijiy tajribalar asosida O‘zbekiston holati komparativ yondashuv orqali solishtirilgan. Maqolada 2018-2024 yillar davomida O‘zbekistonda olib borilgan islohotlar – elektron mehnat shartnomalari, bank orqali ish haqi to‘lovlari, raqamli soliq platformalari kabilarning natijalari statistik metodlar asosida baholangan. Xususan, korrelyatsion va regressiya tahlillari yordamida raqamlashtirish darajasi bilan bandlik, norasmiy sektor va soliq tushumlari o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlangan. Tahlil asosida raqamli tizimlar mehnat bozori barqarorligini oshirishda muhim vosita ekani asoslab berilgan hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Бирлашган Миллатлар Ташкилотининг инсон ҳуқуқлари бўйича олий комиссияси томонидан таклиф қилинган кўрсатмаларда, аҳолининг турмуш даражасини баҳолаш учун кўрсаткичларни ишлаб чиқиш ва улардан фойдаланишда, биринчи навбатда, аҳолининг ўз тақдирини ўзи белгилаши ва иштирок этиш тамойилларига эътибор қаратган ҳолда, маълумотларга инсон ҳуқуқлари ёндашувига риоя қилиши кераклиги таъкидлаб ўтилган. Аҳолининг умумий даромадлари - доимий ёки такрорланувчи хусусиятга эга бўлган, йиллик ёки ундан кам вақт оралиғидаги даврда уй хўжалиги ёки унинг алоҳида аъзоларига тушадиган пул ва натура шаклидаги тушумлардан ташкил топади. Ушбу мақола халқаро ташкилотлар томонидан аҳоли даромадлари ва турмуш даражасини баҳолаш бўйича услубиётлар ҳамда улардан фойдаланиш йўналишларини ўрганишга қаратилган.