Ushbu tadqiqot makroiqtisodiy omillar va kompaniyalar rentabelligi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganadi hamda korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yalpi foyda marjasi (gross margin), operatsion marja (operating margin), EBITDA marjasi va aktivlarning rentabelligi (ROA)ga ta’sirini tadqiq qiladi. Nazariy yondashuvlar, empirik tahlillar va iqtisodiy-ekonometrik modelga tayangan holda, tadqiqot zamonaviy AQSH iqtisodiyotining asosiy drayverlari bo‘lgan 16 ta yirik kompaniya misolida makroiqtisodiy omillar va firmaning o‘zaro ko‘p qirrali aloqa dinamikasini ochib beradi. Natijalar valyuta kursi, inflyatsiya kabi makroiqtisodiy omillar va korporativ foyda o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi hamda kompaniyalarning makro darajadagi o‘zgarishlarga qanday javob berishini yoritadi. Shuningdek, moliyaviy menejerlar uchun amaliy ahamiyatlari muhokama qilinib, qaror qabul qilish jarayonlarida makroiqtisodiy sharoitlarni hisobga olish muhimligi ta’kidlanadi. Umuman olganda, maqola makroiqtisodiy omillar va firma ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tushunishga hissa qo‘shadi hamda kelgusida yanada chuqur tadqiq etilishi lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha tavsiyalar beradi
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi S&P Global Ratings tomonidan qo‘llaniladigan metodologiya asosida tahlil qilingan. Tadqiqotda makroiqtisodiy barqarorlik, fiskal intizom, davlat qarzi dinamikasi, tashqi sektor ko‘rsatkichlari va oltin-valyuta zaxiralari reyting shakllanishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar sifatida o‘rganilgan. Statistik ma’lumotlar tahlili natijalari iqtisodiy o‘sish sur’atlarining yuqoriligi va zaxiralarning sezilarli hajmi reytingni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, tashqi qarzning yuqori ulushi, to’lov balansi taqchilligi va global xatarlar reyting barqarorligi uchun muhim cheklov omillari bo‘lib qolmoqda
Mazkur maqola Xitoyning 1992-yildan 2023-yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻida sanoatining oʻsishi va uning keyingi 5 yillik prognozini hisoblashga qaratilgan. Bu maqolaning maqsadi Xitoyning sanoat taraqqiyoti va tanlab olgan omillarimizning iqtisodiy koʻrsatkichlari oʻrtasidagi qisqa va uzoq muddatli bogʻliqlikni oʻrganishga qaratilgan. Tadqiqotda miqdoriy usul qoʻllanildi. Iqtisodiy rivojlanishni tavsiflovchi sanoat va ushbu koʻrsatkichga taʼsir qiluvchi makroiqtisodiy omillarni tahlil qilish uchun ekonometrik vaqt seriyalari modellari, jumladan OLS (oddiy eng kichik kvadratlar) va VAR qoʻllanildi.
Soʻnggi yillarda global moliyaviy beqarorlik kuchaygani bank bozorlarini katta sinovlarga duchor etmoqda. Shu bois tijorat banklari o‘zlarining iqtisodiy o‘zgarishlarga chidamliligini yanada oshirishga e’tibor qaratishyapti. Mutaxassislarning prognozlariga koʻra, 2025–2026 yillarda jahon bank maydonida faoliyat darajasi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Xususan, Yevropa hududida 2024 yilda inflyatsiya darajasi oldingi bashoratlardan past – 2,7 % oʻrniga taxminan 2,3 % atrofida boʻladi. Moliyaviy barqarorlik esa hozircha o‘rtacha oʻsish istiqbollariga bog‘liq boʻlib qolaveradi. Banklarni barqarorlik nuqtai nazaridan baholash uchun turli modellardan foydalaniladi, va bu tanlov ko‘pincha regulyatorlar tomonidan tasdiqlangan yondashuvlarga asoslanadi. So‘nggi tadqiqotlar global makroiqtisodiy omillar oʻzgarishiga mos ravishda mavjud baholash modellari va moliyaviy barqarorlik indikatorlarini takomillashtirish, bank omonatchilari kapitallari talabi va bank faoliyatining kelajakdagi natijalarini prognozlash usullarini takomillashtirishga e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, yangi texnologiyalar va moliyaviy instrumentlar joriy etilishi banklarning raqamli transformatsiyasini va biznes jarayonlarini avtomatlashtirishni jadallashtirmoqda.Ushbu maqola O‘zbekistonda tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash vositalari va mexanizmlarini kompleks tarzda o‘rganishga qaratilgan. Maqolaning avvalo maqsadi – bank sektorini jahon tajribasi va milliy sharoitga muvofiq keluvchi yondashuvlar asosida tahlil qilib, barqarorlikni kuchaytirish yo‘llarini belgilashdir. Ikkinchi navbatda, ilmiy-metod usullar (tarixiy-qiyosiy tahlil, tarkibiy-logik izlanish) hamda empirik metodlar (regulyator hujjatlari va banklar hisobotlari statistikasi, ekspert-surishtiruvlar) qo‘llaniladi.
Ushbu maqolada tijorat banklarida muammoli kredit qarzlarini boshqarish tizimini takomillashtirishning nazariy va amaliy jihatlari xalqaro tajriba va O‘zbekiston bank tizimi xususiyatlari asosida o‘rganilgan. NPL darajasining o‘sishiga ta’sir qiluvchi makroiqtisodiy va institutsional omillar tahlil qilingan, shuningdek, raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning samaradorlikka ta’siri baholangan. Tahlil natijalariga asoslanib, muammoli kreditlar hajmini kamaytirish va bank tizimi barqarorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu ilmiy maqolada raqobat va eksport tushunchasi, ularning bir-biriga o‘zaro bog‘liqligi muhokama qilinadi. Iqtisodiy raqobatbardoshlikni ta’minlashda unga ta’sir etuvchi omillar hamda uning mamlakat milliy iqtisodiyotida tutgan o‘rni, eksport samaradorligining raqobatga ta’siri hamda raqobatning amaliy va nazariy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Maqolada iqtisodiyotda raqobat va eksport tizimining bir-biriga bog‘liq jihatlari nazariy yondashuvlar asosida o‘rganilgan
Mazkur tadqiqot Oʻzbekistonda toʻgʻri soliqlarni prognozlash metodologiyasini takomillashtirish amaliyotining hozirgi holatini tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotda foyda soligʻi, jismoniy shaxslar daromad soligʻi hamda mol-mulk va yer soliqlari kabi asosiy toʻgʻri soliqlar boʻyicha prognozlashtirish jarayonlarining amaldagi mexanizmlari oʻrganilgan. Statistik tahlil, taqqoslama baholash va iqtisodiy modellashtirish usullari asosida prognoz koʻrsatkichlari aniqligi va barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Shuningdek, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq bazasining kengayishi hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish jarayonlarining prognozlash sifatiga ta’siri ochib berilgan. Tadqiqot natijalari asosida toʻgʻri soliqlar tushumlarini prognozlashda zamonaviy iqtisodiy-matematik modellarni qoʻllash, axborot bazasini takomillashtirish hamda institutsional yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va xulosalar ishlab chiqilgan
Maqolada O‘zbekiston elektron tijorat bozorining 2035-yilgacha rivojlanish istiqbollari prognoz qilinadi hamda o‘sish sur’ati va sifati uchun hal qiluvchi omillar tahlil qilinadi. Asosiy drayverlar sifatida raqamli to‘lovlar va davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, logistika infratuzilmasining kengayishi, mobil internet qamrovi, marketpleyslar ekotizimi va transchegaraviy savdoning faollashuvi, shuningdek, tartibga solish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining takomillashuvi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda ssenariy yondashuvi (bazaviy, tezlashtirilgan va inert) qo‘llanib, makroiqtisodiy sharoitlar, raqamli bozorlardagi raqobat va ma’lumotlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining savdo jarayonlariga ta’siri baholanadi. Ishonch masalalari, kiberxavflar, yetkazib berish sifati, raqamli tafovut va KOB (kichik va o‘rta biznes) kompetensiyalari yetishmasligi kabi to‘siqlar alohida yoritiladi. Xulosalar davlat siyosati, biznes strategiyalari va ilmiy tadqiqotlar uchun amaliy ahamiyatga ega.