Ushbu maqolada xo‘jalik yurituvchi subyektlarda joriy aktivlar hisobini yuritish jarayonida xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) talablarini joriy etish bo‘yicha mavjud muammolar, ularning kelib chiqish sabablari hamda takomillashtirish yo‘nalishlari o‘rganilgan. Amaldagi me’yoriy tartibotlar, hisob siyosati, baholash usullari va xalqaro standartlar talablari solishtirildi. Tadqiqot natijasida joriy aktivlar hisobi shaffofligini oshirish, baholashning aniq va ishonchli usullaridan foydalanish hamda moliyaviy natijalarning haqqoniy aks ettirilishini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi
Mazkur maqola O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni, xususan, investitsion loyihalarni moliyalashtirish, bandlik darajasini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishdagi faoliyatini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Unda “Yangi O‘zbekiston – 2030” dasturi va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi kabi strategik hujjatlarning bank tizimini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlari yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari (aktivlar, kreditlar, kapital va depozitlar) bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazilgan. Xususan, davlat ulushi mavjud banklar va boshqa banklar o‘rtasidagi farqlar, ularning bozordagi ulushlari va iqtisodiy barqarorlikka ta’siri statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Tahlil natijasida davlat banklarining bozorda ustun mavqega ega ekanligini, biroq boshqa banklarning depozitlarni jalb qilishda deyarli teng raqobatlasha olishi aniqlandi. Shuningdek, tijorat banklarining kreditlash faoliyati va muammoli kreditlar (NPL) hajmi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilib, bu boradagi risklar va samaradorlik baholangan.
Ushbu maqolada qurilish materiallari sanoati korxonalarida ekologik faoliyatga qaratilgan investitsiyalarni buxgalteriya hisobida alohida obyekt sifatida aks ettirish zarurati tahlil qilingan. Amaldagi hisob siyosatida ekologik vositalar umumiy asosiy vositalar tarkibida yuritilishi ularning iqtisodiy samaradorligini aniq baholashga to‘sqinlik qilayotgani aniqlangan. Shu munosabat bilan 0100 schyoti doirasida 0192 va 0193 subhisoblarni joriy etish taklif etiladi. Mazkur subhisoblar orqali chang ushlovchi, chiqindini qayta ishlovchi va atmosfera tozalovchi uskunalarni aniq tasniflash, amortizatsiyasini hisoblash va monitoringini olib borish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu maqolada riskka asoslangan kapital (Risk-Based Capital, RBC) modelining Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta bozori sharoitlariga moslashtirilishi imkoniyatlaritahlil qilinadi. Xususan, xalqaro tajriba – Avstraliya modeli (APRA) asosida, RBC modelining asosiy komponentlari: sugʻurta mukofoti riski, majburiyatlar riski va aktivlar riski boʻyicha empirik tahlil oʻtkazildi. Tadqiqot natijalari kapitalga boʻlgan ehtiyojning asosan sugʻurta xavflari bilan bogʻliqligini koʻrsatdi hamda mavjud qatʼiy normativ yondashuvdan riskka yoʻnaltirilgan moslashuvchan tizimga oʻtish zaruratini taʼkidladi. Maqolada RBC tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha takliflar berilgan: milliy model ishlab chiqish, aktuar maʼlumotlar bazasini yaratish va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni isloh qilish.