Mazkur maqola zamonaviy loyihalar boshqaruvi nazariyasining hozirgi davrda shakllanayotgan tamoyillari va ularning iqtisodiy jarayonlarda tutgan o‘rnini yoritadi. Globallashuv va raqobatning kuchayishi sharoitida loyihalarni samarali boshqarish davlat va xususiy sektor uchun muhim tizimli yondashuvga aylanmoqda. Maqolada loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda strategik rejalashtirish, aniq maqsad qo‘yish va risklarni oldindan baholashning ahamiyati ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqotda loyiha boshqaruvida tashkilot ichidagi pirovard natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv, manfaatchi tomonlar bilan samarali kommunikatsiya o‘rnatish va resurslardan oqilona foydalanish masalalari tahlil qilinadi. Jamoa a’zolari o‘rtasida hamkorlik va mas’uliyatni taqsimlash, rahbarning motivatsion rolini kuchaytirish ham loyihaning muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir qiluvchi omillar sifatida e’tirof etilgan. Maqola O‘zbekiston sharoitida loyihalar boshqaruvi tizimining rivojlanishi va amaliy qo‘llanilishi borasida ham muhim ma’lumotlarni taqdim etadi. Mamlakatda iqtisodiy islohotlar, infratuzilma yangilanishi, innovatsion tizimlarning joriy etilishi va tadbirkorlikni rivojlantirish jarayonlarida loyihaviy boshqaruvning o‘rni tobora ortib bormoqda. Davlat dasturlari va investitsion loyihalarda boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish strategik natijalarga erishishda asosiy vosita sifatida ko‘rsatib berilgan
Ushbu maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining roli va uning samaradorligini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Hozirgi kunda banklar investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda asosiy moliyaviy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq moliyaviy tizimdagi turli muammolar, risklarni baholashdagi qiyinchiliklar, garovga bo‘lgan talabning yuqoriligi va uzoq muddatli resurslar yetishmasligi bank kreditlaridan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirish manbalari, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo‘yicha o‘zgarishi, bank kreditlarining oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit ajratish dinamikasi va tadbirkorlik faoliyatiga ajratilgan kreditlar ulushi solishtirma jadvallar orqali tahlillar olib borilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bank kreditlarining investitsiya jarayonidagi ishtirokini kengaytirish va investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining rolini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Мазкур тадқиқот Ўзбекистонда туризм соҳасини жадал ривожлантиришда инвестицион лойиҳаларни самарали жалб этиш ва бошқаришнинг ташкилий-иқтисодий механизмларини таҳлил қилиш ҳамда такомиллаштиришга бағишланган. Туризм соҳасида амалга оширилаётган ислоҳотлар, мамлакатнинг бой маданий-тарихий мероси ва табиий ресурслари инвесторлар учун кенг имкониятлар яратаётган бўлса-да, инвестиция фаоллигини таъминлашда ташкилий механизмлар, ҳуқуқий асослар ва институционал муҳитда ҳануз муайян муаммолар мавжуд. Тадқиқотда туризмга оид инвестицион лойиҳаларни амалга оширишда тўсиқ бўлаётган омиллар, хусусан, лойиҳа муҳандислик ҳужжатларини тайёрлашдаги мураккабликлар, ер ажратиш жараёнидаги узоқ муддатли расмийлаштириш, молиявий кафолатларнинг етарли эмаслиги, маҳаллий ҳокимият органлари ва хусусий сектор ўртасидаги мувофиқлашув муаммолари атрофлича таҳлил қилинган.
Mazkur maqolada Samarqand viloyatida investitsion-qurilish jarayonlarining holati, mavjud muammolar va ularni hal qilish yo‘llari tahlil qilingan. Viloyatda urbanizatsiya, infratuzilma modernizatsiyasi va sanoat zonalarini kengaytirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar asosida investitsion muhitni yaxshilashning ustuvor yo‘nalishlari aniqlangan. Shuningdek, xorijiy tajribalar asosida zamonaviy qurilish boshqaruvi mexanizmlarini joriy etish, davlat-xususiy sheriklikni kuchaytirish va raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash orqali samaradorlikni oshirish imkoniyatlari asoslab berilgan.
Ushbu maqolada innovatsion loyihalarni moliyalashtirishda uchraydigan risklar va ularni boshqarish usullari, shuningdek, investitsion oqimlarni samarali boshqarish mexanizmlari tahlil qilinadi. Global va mahalliy tajribalar asosida venchur kapital, startap fondlari, davlat grantlari va boshqa moliyaviy manbalar orqali innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash modellari o‘rganiladi. Tadqiqotda risk-menejmentning asosiy komponentlari tavakkal ehtimolini baholash, sug‘urta, diversifikatsiya va monitoring tizimlari yoritiladi. O‘zbekiston sharoitida mavjud muammolar va istiqbolli yo‘nalishlar asosida amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Jahon mamlakatlari moliyalashtirilayotgan har bir loyihaning atrof-muhitga, biznes subyektlariga va aholining sog‘lig‘iga ko‘rsatadigan ta’sirini chuqur baholagan holda, moliya bozorida yashil moliyalashtirish amaliyotini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni jadallashtirmoqda. Mazkur jarayon yashil moliyaviy instrumentlar orqali kapital jalb qilish mexanizmlarini to‘liq va mukammal ishlab chiqish zarurati, ularni qonunchilik normalari bilan tartibga solishga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotgani, shuningdek investorlar hamda emitentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish va institutsional jihatdan samarali yo‘lga qo‘yish talablariga sabab bo‘lmoqda. Natijada, yashil moliya bozorining shakllanishi va rivojlanishini ta’minlaydigan metodologik yondashuvlarni ishlab chiqish zarurati keskin oshib, samarali bozor infratuzilmasini yaratish masalasi dolzarb tus olmoqda. Ushbu maqolada yashil moliya bozorini tashkil etish, uni takomillashtirish, samaradorligini oshirish hamda tartibga solish metodologiyasiga doir ilmiy-nazariy tahlillar keltiriladi