Ushbu ilmiy maqolada soliq siyosati tushunchasi va davlat siyosatining muhim tarkibiy qismi sifatidagi ahamiyati muhokama qilinadi. Investitsiya muhiti jozibadorligi tushunchasi va unga taʼsir etuvchi ichki va tashqi omillar koʻrib chiqilgan. Soliq siyosati investitsion jozibadorlikning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Maqolada soliq siyosati va investitsiya muhiti oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar boʻyicha nazariy yondashuvlar oʻrganilgan.
Mazkur maqolada 2018–2024 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida davlat qimmatli qog‘ozlari bozorining holati va tuzilishi, jumladan talab va joylashtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha har tomonlama tahlil qilingan. Davlat obligatsiyalari moliyaviy tizimning muhim elementi hisoblanib, ichki va tashqi investitsion resurslarni safarbar etishga xizmat qiladi. Tadqiqotda ushbu bozor segmentining to‘liq rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan institutsional va tuzilma bilan bog‘liq cheklovlar aniqlangan. Ular qatoriga mavjud qarz instrumentlarining cheklanganligi, ikkilamchi bozorda likvidlikning pastligi, qisqa muddatli obligatsiyalarning ustuvorligi hamda foiz stavkalari o‘zgaruvchan obligatsiyalar kabi moslasha oladigan vositalarning mavjud emasligi kiradi. Muallif tomonidan davlat obligatsiyalari muomalasining to‘liq ko‘p bosqichli infratuzilmasini yaratish uchun indekslashgan, “yashil” va ijtimoiy obligatsiyalar kabi innovatsion vositalarni joriy etish zarurligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, davlat qarzi siyosatida shaffoflikni ta’minlash va byudjet moliyalashtirilishining barqarorligini kuchaytirishda davlat obligatsiyalari bozorini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston hududlarida investitsiya siyosati samaradorligini oshirish masalalari yoritilgan. Tadqiqotda hududiy tafovutlarni kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va investitsion faollikni muvozanatlashtirish yo‘llari tahlil qilingan. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xorijiy investitsiyalar oqimi va asosiy kapitalga yo‘naltirilgan sarmoyalar dinamikasi o‘rganilgan. Taklif etilgan hududiy differensial siyosat mexanizmi investitsion muhitni barqarorlashtirish hamda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni kamaytirishga qaratilgan
Ushbu maqolada jahon iqtisodiyotining zamonaviy rivojlanishi sharoitida ishlab chiqarish samaradorligini oshirishni rag‘batlantiradigan, ichki mexanizmlarni shakllantirishga strategik yordam beradigan samarali investitsiya faoliyati, O‘zbekiston respublikasida investitsiya jarayonining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy salbiy tendensiyalar mavjudligi va ularni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari haqidagi ma’lumotlar berilgan.
Maqolada ijtimoiy xizmatlar tushunchasining mohiyati va iqtisodiy kategoriya sifatidagi o‘rni turli nazariy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Institutsional nazariya, jamoat va merit tovarlari nazariyasi, farovonlik davlati konsepsiyasi hamda inson kapitali nazariyasi doirasida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ilmiy ta’riflar tizimlashtirilgan. Ijtimoiy xizmatlarning ijtimoiy adolat, ijtimoiy barqarorlik va inson kapitalidan foydalanish samaradorligini oshirishdagi roli asoslab berilgan. Xorijiy va milliy olimlar yondashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ta’riflar tahlil qilingan. Mualliflik yondashuvi asosida ijtimoiy xizmatlar o‘tish iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga ta’sir ko‘rsatuvchi investitsion va institutsional mexanizm sifatida talqin qilingan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi S&P Global Ratings tomonidan qo‘llaniladigan metodologiya asosida tahlil qilingan. Tadqiqotda makroiqtisodiy barqarorlik, fiskal intizom, davlat qarzi dinamikasi, tashqi sektor ko‘rsatkichlari va oltin-valyuta zaxiralari reyting shakllanishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar sifatida o‘rganilgan. Statistik ma’lumotlar tahlili natijalari iqtisodiy o‘sish sur’atlarining yuqoriligi va zaxiralarning sezilarli hajmi reytingni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, tashqi qarzning yuqori ulushi, to’lov balansi taqchilligi va global xatarlar reyting barqarorligi uchun muhim cheklov omillari bo‘lib qolmoqda