Ushbu maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining roli va uning samaradorligini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Hozirgi kunda banklar investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda asosiy moliyaviy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq moliyaviy tizimdagi turli muammolar, risklarni baholashdagi qiyinchiliklar, garovga bo‘lgan talabning yuqoriligi va uzoq muddatli resurslar yetishmasligi bank kreditlaridan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirish manbalari, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo‘yicha o‘zgarishi, bank kreditlarining oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit ajratish dinamikasi va tadbirkorlik faoliyatiga ajratilgan kreditlar ulushi solishtirma jadvallar orqali tahlillar olib borilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bank kreditlarining investitsiya jarayonidagi ishtirokini kengaytirish va investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining rolini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada innovatsion loyihalarni moliyalashtirishda uchraydigan risklar va ularni boshqarish usullari, shuningdek, investitsion oqimlarni samarali boshqarish mexanizmlari tahlil qilinadi. Global va mahalliy tajribalar asosida venchur kapital, startap fondlari, davlat grantlari va boshqa moliyaviy manbalar orqali innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash modellari o‘rganiladi. Tadqiqotda risk-menejmentning asosiy komponentlari tavakkal ehtimolini baholash, sug‘urta, diversifikatsiya va monitoring tizimlari yoritiladi. O‘zbekiston sharoitida mavjud muammolar va istiqbolli yo‘nalishlar asosida amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Mazkur maqola O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni, xususan, investitsion loyihalarni moliyalashtirish, bandlik darajasini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishdagi faoliyatini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Unda “Yangi O‘zbekiston – 2030” dasturi va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi kabi strategik hujjatlarning bank tizimini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlari yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari (aktivlar, kreditlar, kapital va depozitlar) bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazilgan. Xususan, davlat ulushi mavjud banklar va boshqa banklar o‘rtasidagi farqlar, ularning bozordagi ulushlari va iqtisodiy barqarorlikka ta’siri statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Tahlil natijasida davlat banklarining bozorda ustun mavqega ega ekanligini, biroq boshqa banklarning depozitlarni jalb qilishda deyarli teng raqobatlasha olishi aniqlandi. Shuningdek, tijorat banklarining kreditlash faoliyati va muammoli kreditlar (NPL) hajmi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilib, bu boradagi risklar va samaradorlik baholangan.