Mazkur tadqiqot Oʻzbekistonda toʻgʻri soliqlarni prognozlash metodologiyasini takomillashtirish amaliyotining hozirgi holatini tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotda foyda soligʻi, jismoniy shaxslar daromad soligʻi hamda mol-mulk va yer soliqlari kabi asosiy toʻgʻri soliqlar boʻyicha prognozlashtirish jarayonlarining amaldagi mexanizmlari oʻrganilgan. Statistik tahlil, taqqoslama baholash va iqtisodiy modellashtirish usullari asosida prognoz koʻrsatkichlari aniqligi va barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Shuningdek, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq bazasining kengayishi hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish jarayonlarining prognozlash sifatiga ta’siri ochib berilgan. Tadqiqot natijalari asosida toʻgʻri soliqlar tushumlarini prognozlashda zamonaviy iqtisodiy-matematik modellarni qoʻllash, axborot bazasini takomillashtirish hamda institutsional yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va xulosalar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga chiqarish, aholining soliq ma’murchiligi bo‘yicha savodxonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, teng raqobat sharoitini yaratish va iste’molchilarning huquqlarini kafolatlash hamda yashirin iqtisodiyotni jilovlashda keng jamoatchilikning faol ishtirokini rag‘batlantirishga asoslangan ma’murchilikni takomillashtirish yoritilgan. Keyingi yillarda dunyo mamlakatlari qisqa va uzoq muddatli byudjet-soliq siyosatiga oid strategiyasini ishlab chiqishda soliq to‘lovchilar tomonidan soliqdan qochish holatlari oldini olish va uni kamaytirishning turli xil mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor bermoqda. Shu bilan birgalikda noqonuniy moliyaviy oqimlarni kamaytirish, soliq to‘lovchilar tomonidan soliqdan qochish holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil qilish, yashirin iqtisodiyotni kamaytirish orqali soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash jarayonlarining ilmiy-nazariy jihatlariga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, sohalar o‘rganilib, xorij tajribasi, mamlakatimizda uni qo‘llash bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosa va takliflar shakllantirilgan.